Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi

0
137
marta koʻrilgan.

Ostona shahrida 15 mart kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev,  Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,  Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov,  Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Mejlisi rahbari Akja Nurberdiyeva ishtirok etdi. 

Bunday uchrashuvni muntazam oʻtkazish va mintaqaviy muammolarimizni birgalikda hal etish Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, dedi Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev. Yigʻilishimiz hammamiz uchun umumiy boʻlgan Navroʻz bayrami arafasida oʻtayotgani ham chuqur maʼnoga ega. Albatta, alohida uchrashib turardik, muloqot qilardik, lekin bunday yaxlit uchrashuv anchadan beri boʻlmagan edi. 

Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishish chogʻida qoʻshni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratishini taʼkidlagan edi. Oʻtgan qisqa vaqtda barcha aytganlarining ustidan chiqdi. Prezidentimiz davlat tashrifi bilan barcha qoʻshni mamlakatlarda boʻldi. Davlat chegaralari, savdo aloqalari, transport kommunikatsiyalari, hududlar hamkorligi kabi koʻplab masalalar boʻyicha oʻzaro manfaatli yechimlar topishga erishildi. 

Davlatimiz rahbari 2017 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslar noyabrda Samarqandda oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur tarzida taqdim etildi. 

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi shu tarzda tashkil topdi. 

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu kun Markaziy Osiyo xalqlarining koʻp asrlik yaxshi qoʻshnichilik tarixida yangi sahifa ochilganini taʼkidladi. 

Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda, dedi davlatimiz rahbari. Mamlakatimizning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod oʻsgan. Shu bilan birga, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida foydalanishimiz mumkin boʻlgan koʻpdan-koʻp imkoniyatlar mavjud. 

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini har yili Navroʻz bayrami arafasida oʻtkazishni, navbatdagi uchrashuvni kelgusi yili Toshkentda tashkil etishni taklif qildi.

Oʻzaro ishonch va manfaatdorlik asosida savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.