Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva temir yoʻl vokzali bilan “Ichan-qalʼa” majmuasi oʻrtasida barpo etilayotgan xiyobonni koʻzdan kechirdi. Bu ham davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida berilgan topshiriq ijrosi boʻlib, Xivaga yangicha qiyofa bagʻishladi.
Xiyobonning ikki tarafida ikki qavatli turizm obyektlari qurilgan. Ularning birinchi qavatida hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat doʻkonlari, ikkinchi qavatida oilaviy mehmonxonalar, restoranlar tashkil etilgan. Bu xiyobon va shoxobchalar sayyohlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish bilan birga odamlar uchun ish oʻrni, daromad manbai ham boʻladi.
Prezidentimiz shu yerda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, Xiva shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi.
Ularda mamlakatimizda xalqaro brenddagi mehmonxonalar bunyod etish, savdo va servisni kengaytirishga qaratilgan rejalar taqdim etildi.
Shavkat Mirziyoyev xorijlik ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, ularning investitsiya takliflari boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
— Oʻzi biznes nima degani? Manfaat degani. Oʻzbekistonda turizm juda manfaatli, istiqbolli soha. Shuning uchun bu sohaga tadbirkorlarni, investorlarni koʻproq jalb etib, ularga «yashil yoʻlak» qilib berish kerak, — dedi davlatimiz rahbari.
Xiva yaqinida koʻp qavatli uylar qurib, shaharning tarixiy qismida yashayotgan aholini bosqichma-bosqich koʻchirish, qalʼa ichidagi uylarni sayyohlik obyektlariga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.
— Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi toʻliq oʻrganilmagan, uni tanishtirish boʻyicha tizim ham yoʻq. Shuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil oʻrganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yoʻlga qoʻyish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti boʻyicha shou-rumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda koʻproq qolib vaqtini mazmunli oʻtkazsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Xorazm Maʼmun akademiyasi, Turizm qoʻmitasi va boshqa tegishli tashkilotlarga shu boʻyicha topshiriqlar berildi.