Koʻksaroydagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo uylari ochish, ishbilarmonlar kengashi tashkil etish boʻyicha, shuningdek, transport, tranzit, qishloq xoʻjaligi, fan-texnika, kasaba uyushmalari, sport va boshqa sohalarga doir 17 ta hujjat imzolandi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida va axborot-kommunikatsiya sohalarida 15 ta hujjat qabul qilindi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar, odatdagidek, ochiq va samimiy, ishchanlik ruhida oʻtganini, erishilgan kelishuvlardan xursandligini taʼkidladilar.
2017 yil Oʻzbekiston va Turkmaniston munosabatlarida tarixiy yil boʻldi. Hozirgi kunda hamma kelishuvlarimiz toʻla amalga oshirilyapti. Bugungi uchrashuvimiz ham juda samarali boʻldi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni chuqur, har tomonlama muhokama qildik. Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, bu borada hal etilmagan masalalar qolmadi. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro anglashuvga erishdik. Shu asosda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab oldik. Biz nimaiki qilayotgan boʻlsak, xalqlarimiz uchun, bolalarimizning kelajagi uchun, dedi Shavkat Mirziyoyev.