Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismga tashrif buyurdi.
Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida berilgan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Havo desantchilar brigadasining jangovar mashgʻulotlarini kuzatdi, harbiylar bilan muloqot qildi.
«Vatanni sevish — ulugʻ fazilat. Yoshlarimizni ana shunday fazilatli qilib tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun siz kabi magʻrur, baquvvat yigitlar namuna boʻlishi zarur. Yoshlar bilan tez-tez uchrashib turishi, ularni milliy iftixor, vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar oʻrnatish, «Vatanparvar» tashkilotlari qoshida parashyutchilar toʻgaraklari ochish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari harbiy qismda tashkil etilgan Madaniy hordiq markazi, kutubxonani oʻz ichiga olgan Maʼnaviyat markazi, autsorsing tizimi joriy etilgan oshxonani kirib koʻrdi.