Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Xitoyning Sindao shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Prezidentligiga qayta saylangani bilan yana bir bor tabriklab, Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari Oʻzbekiston tashqi siyosatining oʻzgarmas yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.
Bir yilda oʻzaro 70 ta delegatsiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar oʻtkazilgani aloqalarning bugungi surʼati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod oʻsgan. Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz koʻp, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan mamnunligini taʼkidlab, mamlakatlarimiz hamkorligida koʻplab samarali loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Oʻtgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga oʻzgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan oʻtishda «yashil yoʻlak» tashkil etilgani natijasida Oʻzbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foiz oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Vladimir Putin.
«Lukoyl» kompaniyasi Oʻzbekistonga 7 milliard dollar investitsiya kiritgani, joriy yil aprelda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirilgani qayd etildi. «Rosatom» Atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bilan energetika sohasida sheriklik va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingani taʼkidlandi.
Joriy yilning kuzida Oʻzbekistonga oliy darajadagi tashrif kutilmoqda. Shuningdek, Toshkentda ilk bor Oʻzbekiston va Rossiya hududlararo forumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu muhim tadbirlarni amaliy mazmun bilan boyitish, buning uchun vazirlik, kompaniya va hududlar oʻrtasidagi aloqalarni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Muloqot chogʻida tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.