Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish – eng muhim vazifamiz

0
172
marta koʻrilgan.
Poytaxtimizning Talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazi barpo etiladi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yetakchi soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 noyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi. 

Mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targʻib qilish, bu borada samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, ilmiy-eksperimental ixtisoslashgan laboratoriyalar, yuqori texnologik markazlar, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalarni mustahkamlash yangi vazirlikning faoliyat yoʻnalishlaridandir. 

Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazida buning uchun barcha sharoit yaratiladi. Vazirlik ham shu markazda joylashadi. 

Ushbu muassasada ilmiy-konsultativ, iqtisodiyot tarmoqlari innovatsion ehtiyojlarini oʻrganish, yoshlar innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy taʼlim kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Iqtidorli yoshlar bu yerda yangi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida start-ap loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi. 

Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz. Shuning uchun ushbu faoliyatni zamon talablari darajasida rivojlantirish yangi vazirlik, qolaversa, ushbu markazning asosiy vazifasi boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari markazni yoshlar va butun ziyolilar qatlami uchun yanada qulay qilib loyihalashtirish, hududda innovatsion yutuqlardan foydalangan holda sharoitlar yaratish boʻyicha muhim topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.