Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni davlat byudjetiga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni toʻliq bajarish, 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, paxta-toʻqimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Bugungi yigʻilishimizda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qoʻshimcha rezervlarni ishga solish choralarini koʻrishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt boʻlsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Chunki iqtisodiy oʻsish – bu birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yoʻl-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, inflyasiya va narxlarni jilovlash xamda odamlarni ish bilan taʼminlash deganidir.
Biz bu borada oxirgi 2 yil mobaynida juda ulkan islohotlarni, koʻplab yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirdik va davom ettirmoqdamiz.
Ushbu ustuvor vazifalarni va fuqarolarimiz hayotini yanada yaxshilash yuzasidan zimmamizga olgan majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarishimiz uchun respublika va mahalliy byudjetlarga qoʻshimcha daromadni koʻpaytirishimiz zarur.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investitsiya dasturlarini izchil amalga oshirishimiz kerak.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun yetarli valyuta tushumini taʼminlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularni eksportga joʻnatishni koʻpaytirishimiz darkor. Qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-toʻqimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor berishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.
Prezidentimizning joriy yil boshida bergan topshirigʻiga muvofiq, byudjetga qoʻshimcha daromad tushirish boʻyicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari koʻrilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat byudjetiga oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz koʻp daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy byudjetlarga tushumlarning oʻsishi 22 foizni tashkil etdi.
Shavkat Mirziyoyev qoʻshimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari borligini taʼkidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolayotgan qoʻshimcha daromadlarni samarali va maqsadli sarflash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda joriy yilning 9 oyi va yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, narx-navo oʻsishining oldini olish, investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Davlatimiz rahbari maqsadli va prognoz parametrlariga erishishda muammo mavjud boʻlgan soha va tarmoqlarda ishlarni jadallashtirish, belgilangan koʻrsatkichlarni taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Joriy yilda ishga tushirilishi moʻljallangan obyektlarni foydalanishga topshirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati tahlil qilindi.
Har bir investitsiya loyihasini koʻrib chiqib, qoloqlik mavjud boʻlganlarini jadallashtirish, bunga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni hal qilish, ishlab chiqarishni tezroq boshlash muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, 2019 yilgi investitsiya dasturi loyihasini shakllantirishni yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda eksport masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. 9 oy yakuni bilan eksport hajmi 2017 yilning mos davriga nisbatan 19 foiz oshishi kutilayotgani qayd etildi.
Prezident har bir eksportchi korxona va eksport qilinadigan mahsulot turi boʻyicha koʻmak berish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishni taʼminlash lozimligini taʼkidladi.
Takroriy maydonlardan kutilayotgan 607 ming tonna eksportbop mahsulotlar, shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida issiqxonalarda yetishtiriladigan sabzavot ekinlarini eksport qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Bozorlarda narxlar oshishiga yoʻl qoʻmaslik, 501 ming tonnadan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxira qilish va ularni qish-bahor oylarida xalq talabiga mutanosib ravishda ichki bozorlarga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yilda 20 ta tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, bu tajriba dastlabki natijalarini bera boshladi.
Oʻzini oqlayotgan bu tizimni yanada kengaytirish maqsadida kelib tushgan takliflar koʻrib chiqilib, ishlab chiqarish quvvatlari va moliyaviy imkoniyati mavjud boʻlgan 44 ta tashabbuskor tanlab olindi. 2019 yilda 61 ta klaster tomonidan jami paxta maydonlarining 51 foizida paxta yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtadi. Yangi tashkil etilayotgan klasterlar tomonidan 41 ta korxona tashkil etilib, 23 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi.
Yangi quvvatlarni tashkil etish va klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish natijasida, 2019 yilda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining 78 foizi oʻzimizda qayta ishlanadi. Bu 2017 yilga nisbatan 2 marotaba koʻp degani. 2020 yilga borib, paxta tolasini toʻliq qayta ishlashga oʻtiladi. Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga yetkaziladi.
“Shuning uchun klasterlar faoliyatiga har tomonlama yordam berishimiz zarur. Paxtachilikda qishloq xoʻjaligining kelajagi, uning iqtisodiy samaradorligi klasterlar bilan bogʻliq. Klasterlar agrar sohani jadal rivojlantirishning “lokomotivi” boʻlishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda paxta-toʻqimachilik klasterlariga berilgan barcha imtiyozlarni keyingi yillarda tashkil etiladigan klasterlarga ham tatbiq etish, klasterlar faoliyatini yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
2019-2023 yillarda qishloq xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini ishlab chiqish, sohaga xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.