Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmonlar kitobiga oʻzining tilaklarini yozib qoldirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreyani doʻstlik rishtalari, oʻzaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bogʻlab turgani alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda. Rasmiy Seul mamlakatimizda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga doir ustuvor dasturlarni amalga oshirishda anʼanaviy yetakchi investitsion va texnologik sherik hisoblanadi.
Joriy yil 3 iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sun Toshkentda davlatimiz rahbari qabulida boʻlib, birodarlashgan shaharlar – Toshkent va Seul oʻrtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Bugungi uchrashuvda zamonaviy texnologiyalar asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasidan foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida oʻzaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seul shahrining faxriy fuqarosi unvonini berishga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Marosimda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari yanada mustahkamlanishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik ramzi sifatida Toshkent shahrida Seul koʻchasini tashkil qilish taklifini bildirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.