Shaxmat: Butunjahon yoshlar olimpiadasida 63 ta jamoa orasida Oʻzbekiston 4-oʻrinda bormoqda

0
47
marta koʻrilgan.

Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida 16 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan Butunjahon yoshlar olimpiadasining 6-turi ortda qoldi. Hozircha Xitoy terma jamoasi 12 ochko jamgʻargan tarzda peshqadamlik qilmoqda.

Armaniston 10 ochko bilan 2-oʻrinda borayotgan boʻlsa, ulardan keyingi pogʻonalarda joylashgan mamlakatimiz terma jamoasi va Turkiya, Qozogʻiston-1, Ukraina jamoalari 9 ochkoga ega boʻlib turibdi.  

Bugun, 17 avgust kuni musobaqaning 7-tur oʻyinlari oʻtkaziladi.  

Unda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari oq donalarda Qozogʻiston-1 jamoasi bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Armaniston-Xitoy, Turkiya-Ukraina, Niderlandiya-1-Bangladesh, Litva-Vengriya kabi jamoalar 7-turda kurash olib boradi.  

Mazkur Butunjahon yoshlar olimpiadasida mamlakatimiz sharafini Humoyun Bekmurodov, Bahrom Bahrillayev, Afroʻza Hamdamova va Asrorjon Omonovdan iborat yosh shaxmatchilar himoya qilmoqda.  

47 mamlakatning 63 ta jamoasi oʻrtasida kechayotgan musobaqalarning soʻnggi tur oʻyinlari ertaga, 18 avgust kuni boʻlib oʻtadi.

T.Roʻziyev, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.