Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasiga ehtirom

0
161
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo  etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan boʻldi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid maydoniga tashrif buyurdi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini oʻrganishga va targʻib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy maʼrifat ruhida tarbiyalashga bagʻishladi.

Darhaqiqat, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989 yilda, juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy boʻldi. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida oʻrin tutadi.

U kishi islom olamida maʼlum va mashhur boʻlgan “Muxtasari Viqoya”, “Kifoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bidʼat” kabi kitoblarni oʻzbek tilida sharhlab, oʻsha murakkab yillarda koʻpdan-koʻp behuda ixtiloflarning oldini olishga katta hissa qoʻshgan.

Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga erishgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham muftiy, ham sobiq Ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida hukumatga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari koʻtarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan.

Mustabid mafkura hukmron boʻlgan oʻsha ogʻir zamonda bunday tashabbus bilan chiqish, hech shubhasiz, katta jasorat edi, dedi Prezidentimiz. Buning natijasida shoʻro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati oʻzgargan, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar koʻpaygan. 1990 yilda Markaziy Osiyo respublikalaridan 500 nafar musulmon Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq boʻlgan edi. Agar oʻsha davrda butun sobiq Ittifoq boʻyicha har yili bor-yoʻgʻi 20-30 kishi hajga borganini hisobga olganda, bu juda katta natija boʻlgan.

U kishining dunyo musulmonlari oʻrtasidagi obroʻ-eʼtibori juda baland edi. Bu ulugʻ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari yigʻinining Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham aʼzosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoniga sazovor boʻlgandi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, zamonaviy Oʻzbekiston tarixida islomiy ilmlar boʻyicha hech kim bu darajada yuksak mavqega koʻtarilmagan.

Bu ulugʻ alloma turli diniy-maʼrifiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga toʻla soʻzlari, suhbatlari, radio va televideniye, matbuot sahifalaridagi doimiy chiqishlari, koʻplab kitoblari, jumladan, audiokitoblari orqali yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻzining ilmi, soʻzi va ibratli amallari bilan ona Vatanga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish boʻyicha katta bir maktab yaratib ketdilar, desak, toʻgʻri boʻladi. U kishining ilm va hayot yoʻli, boy merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazish – barchamizning burchimizdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu masjid loyihasi bilan tanishar ekan, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham oʻrganish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.