Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha yoʻnalishlarda izchil kengayib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
— Ming yillar davomida oʻzbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch boʻlib kelganlar, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi oylarda davlat rahbarlari oltinchi marta uchrashayotgani Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi oʻziga xos munosabatlarning yorqin dalilidir.
Prezidentimiz Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi jadal rivojlanib borayotgan bugungi hamkorlikning mustahkam poydevorini shakllantirishga ulkan hissa qoʻshganini qayd etdi.
Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi boʻlib xizmat qilayotgani, mamlakatlarimizning ulkan salohiyatini ishga solish uchun koʻproq harakat qilish zarurligi taʼkidlandi. Keyingi yillarda oʻzaro savdo jadal surʼatda oshib bormoqda.
Oʻzbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Bugun davlat rahbarlari ushbu zonaning qurilishini boshlab beradilar.
Tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Sanoat, energetika, kimyo tarmogʻi va qishloq xoʻjaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi.
Transport sohasi — hamkorlikning strategik yoʻnalishlaridan biri. Davlat rahbarlari “Sharq — Gʻarb” va “Shimol — Janub” yoʻnalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yoʻlaklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.
Mamlakatlarimiz suv sohasida yuksak darajada hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda imzolangan Amudaryo boʻyicha bitimni keng koʻlamda amalga oshirmoqdalar.
Ustuvor yoʻnalishlar orasida – hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, taʼlim, sanʼat, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar.
Kelgusi yilda ikkala mamlakatda barcha viloyatlar ishtirokida Madaniyat va kino kunlari, yoshlar festivallari oʻtkaziladi.
Belgilangan maqsadlarga erishishda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
— Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashga, ikki mamlakatning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz, — dedi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston yetakchisi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Strategik sheriklikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar, shu jumladan:
— Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida siyosiy muloqot, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish boʻyicha 2022-2024 yillarga moʻljallangan Amaliy harakatlar rejasi;
— Ikki tomonlama tashqi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida bitim;
— Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston hududlarida savdo uylari faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida bitim;
— Gidrometeorologiya sohasida ilmiy-texnik hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
— Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi;
— Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Shuningdek, elektr eneregetikasi, bojxona ishi, veterinariya va chorvachilik, kinematografiya va boshqa yoʻnalishlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.