16 sentyabr kuni Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min va ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.
Majlis kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari ShHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida Oʻzbekistonning 2021-2022 yillarda ShHTga raisligi natijalari yuzasidan axborot berdi. Qayd etilganidek, bu davrda 80 dan ortiq yirik tadbir oʻtkazildi. Panedmiyaning murakkab oqibatlari va yangi xavf-xatarlarga qaramay, Oʻzbekistonning ShHTga raisligi rejasi toʻliq bajarildi.
Samarqand sammitida imzolash uchun salmoqli hujjatlar toʻplami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda ShHT davlatlarining oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
Prezidentimiz ShHT tarixan qisqa davrda mintaqaviy va global jarayonlarning taʼsirchan ishtirokchisiga aylanganini taʼkidladi. Xavfsizlik va iqtisodiy oʻsishning muhim omili sifatida, tashkilotning barqarorlashtiruvchi roli kuchayib bormoqda.
Davlatimiz rahbari ShHTning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va oʻzaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida taʼkidladi.
Shularni hisobga olib hamda ShHT doirasidagi koʻp qirrali sheriklikning samarali tajribasiga tayanib, davlatimiz rahbari yaqin yillarda hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, ShHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga toʻxtalib oʻtildi. Xavfsizlik muammolari va Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida eʼtibor qaratildi.
Soʻzining yakunida Prezidentimiz ShHT kelajagi va mamlakatlarimiz rivoji koʻp jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bogʻliq ekanini taʼkidladi. «Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz», – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
Aʼzo davlatlar yetakchilari oʻz chiqishlarida ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga toʻxtalib oʻtdilar. Samarqand sammiti alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisi kuzatuvchi mamlakatlar, faxriy mehmonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Sammit bunday keng formatda – 14 ta mamlakat yetakchilari ishtirokida birinchi marta oʻtmoqda.