Toshkent shahrida 2 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlis Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilgʻaziyev, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Hindiston Respublikasi mudofaa vaziri Rajnat Singx va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ShHT boʻyicha milliy koordinatori Zahur Ahmadning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Jumaxon Gʻiyosov ham ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida ShHT faoliyati izchil rivojlanib borayotgani, tashkilot Xartiyasi va aʼzo davlatlar oʻrtasida Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma bunda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
ShHT qisqa muddatda jadal rivojlanib, nufuzli tashkilotga aylandi. Uning xalqaro maydondagi mavqei yil sayin ortib, tashkilotga aʼzo boʻlish istagini bildirgan davlatlar safi tobora kengayib bormoqda. Hindiston va Pokistonning 2017 yilda tashkilot aʼzoligiga qabul qilinishi ShHT doirasida ochiqlik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishidan dalolat.
ShHTning asosiy maqsad va vazifalari aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, ishonch va doʻstlikni mustahkamlash, mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik, iqtisodiyot hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Bu kabi maqsadlarni roʻyobga chiqarishda fan-texnika, taʼlim, madaniyat, energetika, transport, ekologiya kabi sohalarda samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻtgan yillar mobaynida ShHT hududida terrorizm, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ShHTga aʼzo davlatlar va mintaqada barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, ijtimoiy-madaniy sohada hamkorlikni kengaytirish uchun muhim shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi. Bugungi kunda yetmishdan ortiq kelishuv va boshqa meʼyoriy hujjatlar tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni tartibga solib kelmoqda.
Oʻzbekiston ShHT taʼsischi davlatlaridan biri sifatida tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, uning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashkilotdagi ishtirokini sezilarli darajada faollashtirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlarining Ostona, Sindao va Bishkek sammitlarida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy takliflarni ilgari surdi.
Toshkent tashabbusi bilan temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashuvining mexanizmi, mamlakatimizda tashkilotga aʼzo davlatlar orasida birinchi boʻlib ShHT xalq diplomatiyasi markazi, Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil etildi. Shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qoʻshma murojaati va uni hayotga tatbiq etish boʻyicha harakatlar dasturi, ShHTga aʼzo davlatlar ilmiy-tadqiqot muassasalarining 2019-2020 yillardagi hamkorligi “Yoʻl xaritasi”, Mintaqalararo hamkorlik dasturi, Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.
Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari kun tartibi va uning doirasida imzolanadigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlashdi, ShHT faoliyatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi raisi M.Sharshekeev va ShHT Banklararo birlashmasi kengashi raisi A.Omorkulov, kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh vaziri A.Abdulla, Belarus Respublikasi Bosh vaziri S.Rumas, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Moʻgʻuliston Bosh vaziri oʻrinbosari U.Enxtuvshin, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari – BMT ESKATO ijrochi kotibi oʻrinbosari X.Xam, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Ivanov, ASEAN Bosh kotibi oʻrinbosari R.Tene, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi kotibiyati ijrochi direktori H.Mirzozoda, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi T.Sarkisyan, BMT FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin qatnashdi.
Majlis ishtirokchilari ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammitida hukumatlar oldiga qoʻyilgan vazifalar – aʼzo davlatlar oʻrtasida xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot, sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga oid tashkilot Bosh kotibi V.Norovning hamda ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi kengashi raislarining tuzilma faoliyatiga oid axborotlarini tingladilar.
Hukumat rahbarlari ShHTga aʼzo davlatlar ishbilarmon doiralarining yuqori texnologiyali va innovatsion qoʻshma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, iqtisodiyotning infratuzilma, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi muhim tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish, koʻrgazma-yarmarka faoliyati va multimodal transport-logistika komplekslarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarining muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida eʼtibor qaratdi.
Birgalikda ochiq turdagi xalqaro iqtisodiyotni shakllantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.
Majlisda transport yoʻlaklarini rivojlantirish sohasida koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi yana bir bor tasdiqlandi. ShHTga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasida temir yoʻl transporti sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasi tasiqlandi. Bu mintaqadagi mavjud tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, yuk tashish hajmini koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi. Shu orqali ShHT makonida tovarlar aylanishi va investitsiya faolligini oshirish uchun qulay muhit yaratiladi.
ShHTga aʼzo davlatlar sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, global taraqqiyotga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surishdagi xalqaro saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi. ShHTga aʼzo davlatlarning bu boradagi tutumi tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining Sindao va Bishkek sammitlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qoʻshma deklaratsiyalarda yana bir bor oʻz aksini topdi.
Majlisda ShHT bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangani tashkilot faoliyatida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqa sohalaridagi hamkorlik koʻp qirrali xususiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
ShHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida chekka va qishloq hududlarida aholiga sifatli xizmatlar koʻrsatishda koʻp tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu jihatdan Hukumat rahbarlari kengashining mazkur majlisi doirasida chekka va qishloq hududlarini raqamlashtirishni rivojlantirish boʻyicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirishda yakdil qarorga kelingani muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, madaniyat, taʼlim, sport, fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Mamlakatlarning boy tarixiy-madaniy merosini targʻib etish maqsadida mintaqaning sayyohlik salohiyatidan yanada toʻlaroq foydalanishga oid aloqalarni rivojlantirish, bunda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti imkoniyatlaridan keng foydalanish taklif etildi.
Bu ShHT hududida istiqomat qilayotgan xalqlar oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga, ularning manfaatlari yoʻlida madaniyatlararo muloqotni faollashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar chogʻida Orol mintaqasidagi ekologik vaziyatni inobatga olgan holda, “Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi”ni tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash gʻoyasi ilgari surildi.
Hukumat rahbarlari ShHTga aʼzo davlatlarning koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi ijrosini koʻrib chiqdilar va yangi dasturni maʼqulladilar.
Tashkilotning 2020 yil uchun moʻljallangan byudjetini tasdiqladilar.
Tadbirda jami 14 hujjat imzolandi. ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi yakunlari boʻyicha Qoʻshma kommyunike imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali boʻlgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Delegatsiya rahbarlari ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston tomoniga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2020 yilda ilk bor Hindiston Respublikasida oʻtkaziladi.
Manbaa: OʻzA