Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlat rahbarlari dastlab tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.
Majlisni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochdi.
Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Xitoyning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida samarali ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.
«Koʻrkam Sindao shahrida oʻtayotgan ushbu sammit “Shanxay sakkizligi” rahbarlarining ilk uchrashuvi sifatida tarixda qoladi. Bu chuqur maʼnoga ega, chunki aynan “8” raqami xitoy xalqida omad va taraqqiyotni anglatadi.
Tashkilotimiz qisqa davrda bir yarim milliard odamga koʻpaydi, uning iqtisodiy va intellektual salohiyati salmoqli darajada kengaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ShHTning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirish, Yevroosiyo qitʼasi xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlashning muhim mexanizmi sifatidagi roli kuchayib borayotganini taʼkidladi. Hindiston va Pokistondek qudratli davlatlarning ShHT faoliyatida toʻla huquqli aʼzo sifatida qatnashishi keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
Tashkilotning asosiy maqsadlariga erishish Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga bevosita bogʻliq. Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va siyosiy irodasi bilan qisqa vaqtda bu mintaqadagi oʻtkir muammolar, jumladan, chegara, savdo, transport va suvdan foydalanish masalalari hal etildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning muhim shartlaridan yana biri Afgʻonistonda tinchlikka erishish, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish boʻlib qolmoqda. Bu masala ham Oʻzbekiston rahbariyatining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Yaqinda Toshkentda oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya ham mojaroni tinchlik yoʻli bilan hal etish yoʻlida muhim muloqot maydoni boʻldi.
«Afgʻonistondagi tinchlik – mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyot omili ekanligini juda yaxshi anglaymiz. Ishonchim komil, “ShHT — Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida biz mazkur mamlakatning tinch taraqqiyotini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshishga qodirmiz» dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz bu ulkan mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, yoshlarni ekstremizm gʻoyalaridan himoyalash va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.