Shoshilinch tibbiy yordam tizimi: Xalqaro hamkorlik kengaymoqda

0
135
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizda aholiga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish borasida jahon tibbiyoti va ilm-fan tizimidagi yangi texnologiyalarni oʻzlashtirishga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz olimlari, shifokorlar bilan bir qatorda, Turkiyadan kelgan yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etdi. 

Aholiga zamonaviy andozalar darajasida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishidir. Keyingi yillarda tibbiyotning turli yoʻnalishlari kabi bu sohaning ham huquqiy asoslarini mustahkamlash, shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar bajarildi. 

Bu borada Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilishi natijasida tez tibbiy yordam shifoxonalari faoliyati takomillashib borayotir. Jumladan, 2017 yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashgan avtotransport xarid qilindi va joylarga yetkazildi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash 2 barobarga koʻpaydi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishda muhim dasturilamal boʻldi. 

Mazkur qaror asosida 2018 yilda shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Unda tez tibbiy yordam xizmatining sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muassasalari bilan samarali integratsiyasini taʼminlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuning barobarida, jahon tibbiyoti va ilm-fan yutuqlarini chuqur oʻzlashtirish va amaliyotga tatbiq etish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilangan. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Oʻzbekiston shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi bu borada jahondagi nufuzli ilm-fan markazlari va yetakchi klinikalar bilan hamkorlikni tobora rivojlantirmoqda. Turkiya shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi bilan aloqalar bunga misoldir. 3000 nafardan ziyod malakali olimlar va shifokorlarni oʻz safida jamlagan mazkur assotsiatsiya oʻz yoʻnalishi boʻyicha dunyoda yetakchi tibbiy-ilmiy tuzilmalardan biridir. 

Tadbir doirasida Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori A.Xadjibayev va Turkiya shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi prezidenti, professor Bashar Jander hamkorlik bitimini imzoladilar. 

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Xalqaro anjumanda, shuningdek, aholiga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimida erishilayotgan ilmiy-amaliy yangiliklar, xususan, yurak va bosh miya qon-tomir kasalliklari, ogʻir shikastlanishlar, is gazidan zaharlanish holatlari, qandli diabet asoratlarida kelib chiqqan xastaliklarda bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish borasidagi ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar yuzasidan tajriba almashildi, mahorat darslari tashkil etildi. 

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.