Navroʻz ayyomi arafasida Shovot tumani “Bilim-xazina” korxonasiga qarashli “Yoshlar olami” kitob doʻkonining ochilish taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu zamonaviy bino qisqa vaqt ichida qurilib, foydalanishga topshirildi.
Kitobni chin dildan yaxshi koʻrgan inson Sharifboy ota Abdullayev uzoq yillardan beri aholiga maʼrifat va ziyo ulashib, elda hurmat va eʼtibor topmoqda. Farzandi Quvondiq ham ota kasbini tutib kam boʻlmadi.
Bugun viloyatning 4 ta joyida, jumladan, Shovot tumanida 2 ta, Urganch shahrida 2 ta maskanda ana shunday kitob doʻkonlari faoliyati tadbirkor tomonidan yoʻlga qoʻyilgan. Ikki yuz mingga yaqin turli mavzudagi badiiy, siyosiy, bolalar adabiyotlari, diniy maʼrifiy kitoblar savdosi tashkil etilgan. Tadbirkor respublikaning eng nufuzli nashriyot-matbaa ijodiy uylari, nashriyotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida kitob mahsulotlarini sotib olmoqda.
Shovot tumani markazida qad rostlagan yangi kitob doʻkoni ochilishida tumanning maktab oʻquvchilari, oʻqituvchilar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, faollar ishtirok qilishdi.
Taqdimotda tuman hokimi X.Otaxanov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G.Ibodullayeva, maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi, olima M.Matyoqubova ishtirok qilib, kitobning yoshlar hayotida tutgan oʻrni haqida soʻzladilar.
Oʻquvchilar kitob, Vatan, tinchlik mavzusida sheʼrlar oʻqidilar. Shoirlar va yozuvchilar bilan mushoiralar oʻtkazildi. Sharifboy Xoji ota bolalarga kitobni sevish — Vatanni sevish ekanligi, kitob insonning eng yaqin doʻsti, maslakdoshi va beminnat ustozi ekanligini taʼkidladi.
Gulyor Palvanova