Singapur Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi

0
255
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub 23-25 may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Singapur rahbarining tashrifi dasturida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Sammit kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, ikki mamlakat yetakchi kompaniya va bank institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalariga koʻmaklashish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

Prezident Halima Yaqub Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, yurtimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan ham uchrashadi, ishbilarmon doiralar biznes-forumining ochilishida va qoʻshma taʼlim markazi faoliyatining taqdimotida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, Singapur Prezidenti Samarqand shahriga tashrif buyurib, Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan ushbu koʻhna markazning boy madaniy-tarixiy va sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.

Taʼkidlash joizki, Prezident Halima Yaqub mamlakatimizga javob tashrifi bilan kelmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston yetakchisi Singapurga davlat tashrifi bilan borgan edi.

Joriy yil boshidan oʻzaro tovar ayirboshlash 6 barobar koʻpaydi. Singapur Oʻzbekistonning eng yirik investorlari qatoriga kirdi. Bugungi kunda transport, energetika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, shaharsozlik, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.