Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar, blogerlar oʻrtasida bir mavzu “aylanib” yuribdi. Yaʼni, Oliy Majlis Senatining shu yil 18 dekabrda oʻtkazilgan yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqilishi masalasi kiritilganiyu soʻng kun tartibidan chiqarib tashlangani, Konstitutsiyaga oʻzi aynan qanday oʻzgartirishlar kiritilayotgani, uning asoslari nimalardan iboratligi haqida jamoatchilikda savollar paydo boʻlmoqda.
Men ana shu muhokamalarni diqqat bilan kuzatib kelayotgan, qonun ijodkorligi jarayonlaridan yaxshi xabardor bir deputat sifatida ayrim fikrlarni bildirishni lozim topdim.
Avvalo, jamoatchilik koʻtarayotgan muhokamaning mohiyati nimada, degan savol koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 6034-sonli Farmonida 2021 yil 1 yanvardan umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish xususida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Avvalo, mazkur Farmonning 1-bandida Oliy sud tomonidan Sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarini saqlab qolgan holda tuman (shahar) maʼmuriy sudlari negizida maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlum qilingan edi. Yaʼni, jamoatchilik bu borada 24 iyuldayoq xabardor etilgan.
Tabiiyki, bunday oʻzgarishlarni avval Konstitutsiyada aks ettirish taqozo qilinadi.
Shu oʻrinda sinovdan oʻtayotgan ancha yillik bir tajribamizni aytib oʻtsam. Odatda yurtimizda koʻplab sohalarda muhim institutsional oʻzgarishlar boʻlishi kutilsa, parlament uning huquqiy asoslarini yaratish ustida oldindan bosh qotiradi. Chunki, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti qonun loyihasini qachon tayyorlab, qachon kiritishini kutib oʻtirish koʻpincha vaqtni boy berishga olib keladi, xolos.
Shu nuqtai nazardan, Qonunchilik palatasi Prezidentimiz Farmoni eʼlon qilingan kundan boshlab oʻzining tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan edi.
Sud-huquq tizimidagi bu kabi juda muhim oʻzgarishlarni, avvalo, soha mutaxassislari, ekspertlar, shuningdek, jamoatchilik bilan keng muhokama qilish ehtiyojidan kelib chiqib, joylarda qator tadbirlar, oʻrganishlar ham oʻtkazildi.
Xususan, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan jamoatchilikning sud-huquq tizimidagi islohotlarga nisbatan munosabatini oʻrganish maqsadida mamlakatimiz hududlarida sudyalar, advokatlar, sektorlar rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda fuqarolar bilan bir necha marotaba uchrashuvlar oʻtkazildi.
Ushbu uchrashuvlarda kelib tushgan 200 dan ziyod taklif va mulohazalar tahlil qilindi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, joylarda sud tizimida fuqarolarning talab va istaklarini adolatli amalga oshirishda toʻsiq boʻlayotgan muammo hamda kamchiliklar, odil sudlovni taʼminlashda mavjud toʻsiqlar chuqur tahlil qilinib, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.
Qolaversa, ayni masala boʻyicha mamlakatimiz Prezidenti huzurida 30 iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan 16-19 sentyabr kunlari hududlarda odil sudlovni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati yana keng koʻlamda oʻrganildi.
Qonunchilik palatasining 50 nafar deputatidan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhlar hududlarga chiqib, sektorlar rahbarlari, tadbirkorlar, sudyalar, surishtiruv va tergov organlari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan muloqot qilib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, toʻplanib qolgan masalalarni oʻrgandi. Oʻrganishlar davomida tergov va sud organlariga moneliksiz murojaat qilish imkoniyati, ularda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, aholiga huquqiy xizmat koʻrsatish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilining amalda qisqarganlik darajasi chuqur tahlil qilindi.
Hududlarda odil sudlovga erishish masalalari yuzasidan aholining fikrini atroflicha oʻrganish maqsadida deputatlar tomonidan anonim soʻrovlar oʻtkazilib, ularda 3 mingga yaqin respondent ishtirok etdi.
Oʻrganishlar yakunlari xalq deputatlari 14 ta tuman (shahar) Kengashlari sessiyalarida tanqidiy koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bu jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida birinchi manba yaʼni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy veb- saytida tizimli ravishda yoritib borildi. Qolaversa, Oliy Majlis muassisligidagi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, markaziy va mahalliy telekanallarda yoritildi. Jurnalist yoki bloger biron bir materialni tayyorlashdan avval uni yaxshilab oʻrganishi kerak emasmi? Unda xolislik va obyektivlik qayerda qoladi? Bugun ochiqlik boʻyicha olib borilayotgan siyosatning bevosita ijrochilaridan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Biz – deputatlar faoliyatimizni keng ommaga yetkazishda ham aynan jurnalist va blogerlarning adolatli va xolis yondashuviga tayanamiz.
Deputatlarning joylarda olib borgan ana shunday keng koʻlamli oʻrganishlari, oʻtkazilgan soʻrovlar, mahalliy kengashlar sessiyalarida xalqimiz, jamoatchilik vakillari bilan oʻtgan muhokamalar, Qonunchilik palatasida bir necha marotaba tashkil etilgan seminar va anjumanlar bejizga emas edi, albatta.
Bularning barchasi sudlar tizimidagi institutsional oʻzgarishlarni koʻzda tutuvchi qonun loyihalarini har tomonlama pishiq-puxta boʻlishini taʼminlash, muhokamalar jarayonida masalaga joylardagi duch kelinayotgan real muammolar nuqtai nazaridan yondashish uchun asqotishi tabiiy edi. Va shunday boʻldi ham.
Oliy sud tomonidan joriy yil noyabr oyida Qonunchilik palatasiga kiritilgan mazkur qonun loyihasi dastlab ishchi guruhda, soʻng qoʻmitalarda, siyosiy partiyalar fraksiyalarida obdon muhokamalardan oʻtkazildi. Deputatlar, sudyalar, advokatlar, olimlar, ekspertlar ishtirokida bir necha bor ishlandi.
Muhokamalar jarayoni xususida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, markaziy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Qolaversa, deputatlarning ijimtoiy tarmoqlardagi sahifalarida axborot va munosabatlari eʼlon qilindi.
Boshqacha aytganda, Konstitutsiyaga kiritilishi koʻzda tutilgan oʻzgartishlar, ayrim hurmatli blogerlarimiz aytganidek, jamoatchilikdan “sir” tutilgani yoʻq.
Keling, yaxshisi, xulosa chiqarishdan koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasining oʻzini oʻqiylik: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin”.
Eʼtibor bering: ushbu modda mohiyatida Konstitutsiyaga oʻzgartish tegishli taklif kiritilgandan soʻng olti oy mobaynida, keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda, qonun qabul qilishi mumkinligi aytilyapti. Yaʼni, olti oylik muddat loyihani muhokama etishga emas, uni qabul qilish uchun berilyapti.
Qonunni qabul qilish uchun u avval Qonunchilik palatasida, soʻng Senatda koʻrib chiqilishini eʼtiborga olsak, bu muddat qanchalik ahamiyatga ega ekanligi yaqqol anglashiladi. Yaʼni, qonunni qabul qilish muddati olti oydan oshmasligi shart. Bu esa, palatalar yetarlicha muhokamani tashkil etib, loyihani maromiga yetkazgan boʻlsa, istasa, uni bir yo ikki oyda ham qabul qilishi mumkinligini bildiradi.
Nima boʻlgan taqdirda ham, mazkur qonunning qabul qilinishi jamoatchilikdan sir tutilgani yoʻq. Bugungi ochiqlik-shaffoflik, oshkoralik davrida bunga ehtiyoj ham yoʻq aslida. Chunki, mazkur qonun ham, boshqalari kabi xalqimiz uchun koʻp afzalliklarni yuzaga keltiradi. Fuqarolarning sudma-sud sarson boʻlib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilinishiga imkon yaratadi. Sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishiga, shuningdek viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash ishini yanada yaxshilashga turtki beradi.
Shuhrat POLVONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari
Manbaa: parliament.gov.uz