Sirdaryo viloyati innovatsion hududga aylantiriladi

0
41
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahli yuksak vatanparvarlik ruhi bilan mehnat qilib, katta natijalarga erishayotganini taʼkidladi.

Soʻnggi olti yilda viloyatga 30 trillion soʻm investitsiya jalb qilinib, 6 ming 640 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Bu orqali 55 mingta doimiy ish oʻrni yaratilgan, 17 mingta oila kambagʻallikdan chiqarilgan.

Sirdaryoda ham tadbirkorlar koʻpaydi. Ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, farmatsevtika, charm va oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo boʻldi. Xususan, qurilish materiallarida 274 ta loyiha amalga oshirilib, bu tarmoq yangi drayverga aylandi. Viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 7 foizdan oshdi.

Viloyat poliz mahsulotlari yetishtirish va eksporti boʻyicha ham respublikada birinchi oʻrinda turadi. Sirdaryoda mamlakatimiz elektr energiyasining uchdan bir qismi, charm mahsulotlarining 16 foizi va farmatsevtika mahsulotlarining 10 foizi ishlab chiqariladi.

Oʻtgan yili oktyabrda Prezident tashrifidan soʻng, Sirdaryoni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish boʻyicha dastur qabul qilingan edi. Dasturdagi tadbirlar uchun viloyatga qoʻshimcha 2 trillion soʻm ajratildi.

Jumladan, 20 ming aholi imtiyozli kredit bilan taʼminlandi, 5 ming ishsiz yoshlarga asbob-uskunalar uchun grantlar ajratildi. Shuningdek, 2 mingdan ziyod yangi hunarmand faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 12 mingdan ziyod yoshlar kasb-hunarga oʻqitildi. Aholi dehqonchiligi uchun qoʻshimcha 5 ming gektar yer tarqatilib, 10 ming aholi daromadli ish bilan taʼminlandi.

Davlatimiz rahbari erishilgan natijalar endi tarix ekani, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida imkoniyatlar hali koʻpligini taʼkidladi.

Jumladan, Sirdaryoning yer, suv va tabiat resurslari boy. Aholi jon boshiga ekin maydonlari boshqa hududlarga nisbatan 2-3 baravar koʻp. Viloyatda qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlanganlik darajasi ham yuqori. Bu sohaga ilm va innovatsiya olib kirilsa, mahsulot yetishtirish hajmi va eksportini oshirish mumkin.

Sirdaryo respublikamizdagi eng katta isteʼmol bozori – Toshkent shahriga yaqin joylashgan. Shuningdek, u ikki qoʻshni davlat – Qozogʻiston va Tojikiston bilan qulay transport koridoriga ega.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni ishga solib, Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Bu borada Xitoy tajribasiga tayanish qoʻl keladi. Chunki bu davlat mazkur sohalarda katta yutuqlarga erishgan. Qolaversa, xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishi katta. Oxirgi olti yilda ular bilan birga, Shirin shahri, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ochilgan. Viloyatga 2022 yilning oʻzida 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari jalb qilingan.

Yigʻilishda Prezidentimiz Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni eʼlon qildi.

Birinchisi, ilgʻor innovatsiyalar hududida bio-farmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, elektro-texnika, tibbiyot, taʼlim sohalarining 20 ta yoʻnalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi. Unga koʻra yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi. Yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga Oʻzbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Unda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro taʼlim va tadqiqot universiteti, innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi. Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi.

Buning uchun 200 gektar yer ajratilib, 10 ming talaba uchun oʻquv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.

Ikkinchisi. Viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda elektrotexnika, bio-farmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Texnoparklarga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi. Joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard soʻm ajratiladi.

Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda “Oʻzbekiston-Xitoy investitsiya jamgʻarmasi” tashkil etiladi. Bu jamgʻarma Xitoyning nufuzli Ipak yoʻli fondi va boshqa moliya tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinadi.

Uchinchisi. Sirdaryoda eng ilgʻor agrotexnologiyalar joriy etiladi. Xitoydan viloyat hokimiga qishloq xoʻjaligi boʻyicha maslahatchilar, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari modernizatsiyasiga investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida Sayxunobodda qoramol va parrandachilik eko-komplekslari, Mirzaobodda intensiv anor, qovun, pekan yongʻogʻi va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi. Xovosda oʻsimliklardan tabiiy boʻyoqlar ishlab chiqarish quvvati, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi. Shoʻr va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish boʻyicha Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Toʻrtinchisi. Sirdaryo mamlakatimizni Qozogʻiston, Tojikiston, Xitoy va Afgʻoniston bilan bogʻlaydigan yirik logistika xabiga aylantiriladi. Buning uchun, Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda respublikaning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yoʻnalishlariga bogʻlaydigan yangi transport marshrutlari va multi-modal logistika markazi quriladi.

Bulardan tashqari, yoʻllarni qurish, taʼmirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham Sirdaryodan boshlanadi.

Beshinchisi. Tibbiyotdagi islohotlar natijasi va sohadagi imkoniyatlarga tayanib, Guliston shahri mamlakatimizning “innovatsion meditsina xabi”ga aylantiriladi.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga Akmaljon Mahmudaliyev nomzodini tavsiya etdi.

A.Mahmudaliyev 1974 yilda tugʻilgan. Koʻp yillar davlat idoralarida ishlab, katta tajriba orttirgan. Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U oʻtgan yil noyabrdan buyon Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Nomzod lavozimga tasdiqlanishdan avval uning rejalari eshitildi. Akmaljon Mahmudaliyev viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha rejalarini maʼlum qildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, ular yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Umuman olganda, Sirdaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida koʻzda tutilgan 685 milliard soʻmga qoʻshimcha 380 milliard soʻm, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 110 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Sanoat, agrar soha va tadbirkorlik loyihalariga 1 milliard dollar, infratuzilma barpo etishga 105 million dollar jalb qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Bulardan tashqari, xorijiy investitsiyalar jalb qilib, Sirdaryo viloyatini innovatsion hududga aylantirish vazifasi qoʻyildi.

Taqdimotdan soʻng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qoʻyildi. Uning natijalariga koʻra, Akmaljon Mahmudaliyev Sirdaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.