Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti uchun muhim va istiqbolli loyihalar bilan tanishildi

0
196
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumaniga tashrif buyurdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari bu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi faoliyati, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlari uchun shisha idishlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. Oʻtgan yil iyun oyida faoliyat boshlagan korxonada qiymati 50,16 million AQSH dollarilik loyiha amalga oshirildi va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.  

Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga shu paytgacha har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Ushbu korxona ishga tushgach nafaqat viloyatdagi, balki yurtimizdagi barcha farmatsevtika korxonalariga shisha idishlar yetkazib berish imkoniyati yuzaga keldi. 

Korxonaga Germaniya, Chexiya va Fransiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgan. Ular asosida mahalliy xomashyodan 100 dan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. 

Joriy yilda toʻla quvvat bilan ishlay boshlaydigan korxonada yiliga 102 million dona shisha idish ishlab chiqariladi, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish kutilmoqda. Korxonada 450 kishi ish bilan taʼminlangan.  

Prezidentimiz shisha idishlar ishlab chiqarish texnologik jarayonini, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi. 

Shu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.  

Korxona yonida “Sirdaryo glass” MCHJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning oʻzida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning yillik quvvati 136,1 million dona mahsulot boʻlib, bu 11,3 million dollarlik import oʻrnini qoplash imkonini beradi. 

Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish oʻrni yaratiladi, yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi. 

“Sirdaryo shisha” MCHJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank”dan 5 million dollarlik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning oʻz mablagʻidir.  

“Sirdaryo universal oyna” va “Sirdaryo glass” korxonalarida  ishlatib boʻlingan issiqlik energiyasidan foydalanib, sabzavotlarni Yevropa tipidagi issiqxonada yetishtirish rejalashtirilmoqda. Unga koʻra, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi. Loyiha besh bosqichdan iborat boʻlib, issiqxonalarni boshqarishning toʻliq avtomatlashtirilgan tizimi, suvni qayta sirkulyasiya qilish va yomgʻir suvlaridan foydalanish, sifat nazorati, ishlab chiqarish, resurslar bilan taʼminlashning yevropacha tizimini qamrab oladi.  

Ushbu issiqxonada yiliga 2,5 ming tonna mahsulot yetishtirish, 6 million dollar atrofida sof daromad olish hamda 5 million dollarlik mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilmoqda. 

“Sirdaryo fish texnoloji” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yopiq suv aylanma tizimi orqali baliq yetishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan loyiha samarasida yiliga 2 ming 750 tonnadan ziyod baliq yetishtiriladi, tashqi bozorga 3 million dollar, ichki bozorga 2 million dollarlik mahsulot yetkazib beriladi. 

“Sirdaryo glass” korxonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda konservalash yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu loyiha orqali yiliga 3 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi, 140 ish oʻrni yaratiladi. Bu viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini beradi. 

Shu yerning oʻzida viloyatda investitsiya mablagʻlari asosida farmatsevtika, toʻqimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, Farhod GESini modernizatsiya qilish, Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurish loyihalari, “Sirdaryo golden fruts” MCHJ tomonidan tumanda tashkil etilgan koʻp tarmoqli logistika markazi taqdimotlari oʻtkazildi.

Mamlakatimizning Xitoy, Italiya va Qozogʻiston davlatlaridagi elchilari viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va eksport hajmini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida davlatimiz rahbariga maʼlumot berdi. 
 
Davlatimiz rahbari hamma oʻzgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar xalq uchun ekanini taʼkidlab,  ushbu investitsion loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish va tezroq ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.