2018 yilning 3 iyun kuni Qatarda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Doha shahrida Qatar Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad Ben Abdel Rahman Ben Jasem Al Tani bilan uchrashdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalar, shuningdek, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Oʻzbekiston-Qatar hamkorligini rivojlantirish, unga koʻp qirrali tus berishdan tomonlar manfaatdor ekanligini tasdiqladilar. Shu oʻrinda turli darajalar va shakllardagi aloqalarni faollashtirish, xususan eng istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash va eʼtiborni ularga qaratish imkonini yaratadigan vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish chogʻida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston Islom akademiyasini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning muhim tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazirlar tomonidan Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻlda hal qilish boʻyicha xalqaro konferensiyada 2018-yil 27-mart kuni qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Ushbu konferensiya ishida Qatar delegatsiyasi ham ishtirok etgan edi.
Uchrashuvda boshqa dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.