Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarorida shunday deyiladi: “1 Sentyabr – Mustaqillik kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan, jahon xaritasida yangi, mustaqil va suveren davlat – Oʻzbekiston Respublikasi paydo boʻlgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlari roʻyobga chiqqan buyuk tarixiy sana boʻlib, el – yurtimiz tomonidan eng ulugʻ, eng aziz bayram sifatida doimo katta shodu xurramlik bilan nishonlanib keladi”.
Darhaqiqat,”Oʻzbekiston mustaqilligi ona xalqimizga XX asr soʻngida nasib etgan ulkan tarixiy gʻalaba ekanligini oʻtgan yigirma olti yil isbot etdi. 1991 yil 31 avgustda respublikamiz Mustaqil deb eʼlon etildi. Mustaqil taraqqiyot yoʻlini belgilab oldi. Oʻzbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bayrogʻimiz hilpirab turibdi.
Xalqimiz tanlagan yoʻl tinchlik, bosqichma – bosqich taraqqiyot yoʻlidir. Bugungi kunda oʻzbek modelini dunyo eʼtirof etdi
Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi. Neftni qayta ishlaydigan yangi zamonaviy zavod barpo etildi. Mavjudlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi Shoʻrton gaz-kimyo majmuasi kabi noyob korxonalarda tayyorlanayotgan suyultirilgan gaz, turli markadagi polietilen va boshqa mahsulotlarga talab nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda ham katta.
Neft ishlab chiqarish 1990 yilga nisbatan uch baravar ortdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston aholining oʻsib kelayotgan talabini taʼminlash bilan birga eksport hajmini ham koʻpaytirishga erishdi. Andijon, Samarqand Xorazm viloyatlarida avtomobil zavodlari barpo etilgani tufayli mustaqillik yillarida avtomobillar soni keskin oshdi. Va har yuz oilaning avtomobil bilan taʼminlash darajasi, bir necha baravar oʻsdi. Oʻz-oʻzidan ayonki mamlakatimizda benzin va yoqilgʻi – moylash mahsulotlariga boʻlgan talab ham shunga mos ravishda oʻsmoqda.
Qishloq xoʻjaligiga, masalan, gʻallachilik rivojiga eʼtibor bersak ham ana shunday ulugʻvor yuksalishlarni koʻrish mumkin. Mustaqillikning ilk yillarida aholi ehtiyojlari uchun gʻalla tashqaridan keltirilgan boʻlsa, bugun Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligi tarkibidagi qoʻshni mamlakatlarga, shuningdek, Afgoniston, Eron va boshqa davlatlarga gʻalla va un mahsulotlarini eksport qilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek halqining rizqi, noni butun boʻldi. Yetishtirilayotgan gʻallaning yuz foizi fermer xoʻjaliklari tomonidan tayyorlanayotganligi ularning egalik hissiyoti, manfaatdorlik va maʼsuliyat tuygʻusi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek mamlakatimiz paxta yetishtirishda jahonda beshinchi oʻrinda turadi.
Istiqlol tufayli mamlakatimiz poytaxti-Toshkent “Islom madaniyati poytaxti” deb ulugʻlandi!
Oʻzbekiston qadim yurt. Yer yuzidagi birinchi qadimiy qoʻl yozma kitob”Avesto”ning vatani ham bizning mamlakatimiz. Hozir yurtimizda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy obidalarga boy mashhur shaharlarimiz mavjud.
Mamlakatimiz hududining kattaligi jihatdan jahonda 55 oʻrinda boʻlib, 447 ming 400 km/kvni tashkil qiladi. Aholi soni jihatidan 42 oʻrinda turadi, oʻttiz milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi.
Ajdodu avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprik. Mustaqillikning birinchi kunidanoq mamlakatimizda azaliy va avvaliy milliy qadriyatlarimizga, qadimiy madaniy obidalarimizni taʼmirlashga, buyuk allomalarimizning nomlarini qayta tiklashga alohida eʼtibor berila boshlandi.
Hozir Oʻzbekistonda 74 tadan ortiq qadimiy ziyoratgoh mavjud. Ular mamlakatimizda yashab oʻtgan allomalarning nomlari bilan bogʻliq Oʻzbekistonda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan gʻoyat katta ilm, moʻjizakor ijodiy mehnat bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qoʻshgan buyuk oʻgʻlonlari, oʻz zamonasining sultonlari yashab oʻtgan! Bugungi kunda jahon boʻyicha ishlatilayotgan 1 dan 9 gacha boʻlgan raqamlarga nolni kiritib, XX asr fani – kibernetikaga asos solgan olim deyarli 1200 yil avval yashab oʻtgan bizning ajdodimiz – al-Xorazmiy! Algebra fani, mashhur allomaning ismi bilan bogʻliqligi, yaʼni al-Jabr bora-bora algebraga aylanganini, Algaritm soʻzi Al-Xorazmiy soʻzining assimiliatsiyaga uchragan shakli ekanligini va bizning avlod uni oʻqib matematikani oʻrganayotganligini bugungi kunda jahon ahli tan olyapti.
Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlab, dunyo xaritasini tuzgan va uni globus shaklida birinchi aks ettirgan ensiklopedik olim ham Al Xorazmiyga zamondosh. yurtdoshimiz Abu Rayhon Beruniy ekanligini oʻquvchilar ongi-shuuriga qayta-qayta quyish anʼanaga aylanganligi kishida iftixor tuygʻusini yuksaltiradi.
Mukammal tibbiyot qonunlarini yaratgan Beruniy va Xorazmiylarning zamondoshi Abu Ali ibn Sino kitoblaridan jahon tibbiyotida hamon dasturulamal sifatida foydalanilmoqda. Agar eʼtibor bersak, “Tib qonunlari”da murakkab jarrohlikdan tortib, oddiy ovqatlanish madaniyatigacha oʻrgatilgan. Inson salomatligini avaylash avvalo oʻzidan, oddiy ovqatlanish madaniyatidan boshlanadi, degan oʻgitlari bugungi kunda har bir farzandga singdirilmoqda?!
Daryolar suvini oʻlchaydigan uskuna yaratgan va dastlab Nilning suv hajmiyu sigʻimini oʻlchab bergan bizning vatandoshimiz va yuqorida tilga olingan allomalarga zamondosh al-Fargʻoniy!
“Ziji Kurogoniy” asarida yulduzlar jadvalini tuzib falakiyot ilmini dunyoga tanitgan ham 14 asarda yashab oʻtgan bizning ajdodimiz Mirzo Ulugʻbek!
Hazrat Alisher Navoiy satrlari bilan taʼrifu tavsiflasak:
Temurxon naslidan sulton Ulugʻbek
Ki olam koʻrmadi sulton aningdek.
Ularga deyarli zamondosh Hazrat Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar. Ajdodlarimizdan urf boʻlgan bu anʼanani kelgusi avlodlarimizga yetkazish bizning burchimiz. Beruniy, Xorazmiy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulugʻlarimiz navqiron avlodning gʻurur togʻlaridir. Mamlakatimiz istiqloli tufayli Islom madaniyati va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Moturidiy kabi allomalarning kitoblari oʻrganila boshlandi
Darhaqiqat, Turonzamin sadosi – maʼnaviyati, madaniyati, maʼrifati dunyo kabi qadimiy va ulugʻvor! Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli boʻlmish gʻoyat qimmatli va eng qadimiy qoʻlyozma “Avesto”dagi goʻzal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Eramizdan oldingi davrda yaratilgan yozma manba “Avesto”da olamni munavvar qiluvchi quyosh Sharqdan chiqishi tilga olinadi. Zero, quyosh bilan olam munavvarlashadi, jamiki tabiatu mavjudot harakatga keladi.
Zero, tabiat oʻz quyoshi bilan, inson oʻz ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi. Biz dunyoga mashhur allomalarni bejiz tilga olmadik. Ular ajdodlarni avlodlarga bogʻlovchi maʼnaviy koʻpriklardir. Ularning hayot yoʻli yoshlarimiz uchun yorqin ibratdir. Hukumatimizning maqsadu muddaosi ham shu – millatning yuzi boʻladigan, buyuk Vatanimizga munosib komil inson tarbiyalash, yaʼni rango-rang “qadimiy gullar”ga hamohang “jajji chechaklarni” parvarishlashdir.
Barkamol avlod tarbiyasi-yurtimiz kelajagi
Mamlakatimizda barkamol avlod tarbiyalashga mustaqillikning ilk kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Komil farzand tarbiyalash vazifasiga bevosita katta kuch sarflaydigan xotin – qizlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida eʼtibor berildi. Chunki, juda koʻp mamlakatlarda boʻlgani kabi mamlakatimiz aholisining 51,2 foizini xotin – qizlar tashkil etadi. Ularning iktisodiy, siyosiy, ijtimoiy jarayonlarida faol ishtirok etishi jamiyatning huquqiy davlat sari barqaror rivojlanishining, salohiyatli farzandlar tarbiyalashning muhim omillaridan biridir Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov shunday deb taʼkidlagan edilar:”Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va maʼnaviy barkamolligi ayollarga boʻlgan munosabat bilan belgilanadi. Ayniqsa, ayollarga Sharqona ehtirom va eʼzoz biz uchun ibratli merosdir”. Darhaqiqat ayolga ehtirom yurt kelajagi-farzandlarimizga eʼtibor demakdir. Chunki farzandlar tarbiyasi ularning qoʻlida. Shuning uchun yurtimizda ayollarning muammolari bilan bogʻliq siyosatni amalga oshiruvchi tizim ishlab turibdi. Respublika xotin – qizlar qoʻmitasining rahbari ayni paytda Bosh vazir oʻrinbosari hisoblanadi. Viloyat va tuman xotin – qizlar qoʻmitalarining raislari hokim oʻrinbosari maqomida faoliyat yuritishadi. Ular xotin – qizlarning huquq va manfaatlarini qoʻllab quvvatlab salohiyatini roʻyobga chiqarishda samarali taʼsir oʻtkazmoqdalar.
Bugungi kunda oila, onalik, bolalik ijtimoiy muhofazasini va ayollar huquq va erkinliklarini taʼminlovchi Oʻzbekiston Respublikasining 80 yaqin qonuni va qonun osti hujjatlari mavjud.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu yoʻnalishdagi xalqaro huquqiy normalarga ham qoʻshilgan. Masalan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yili kuchga kirgan”Xotin – qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi konvetsiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib, 1995 yili ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya 30 moddadan iborat boʻlib, unda xotin – qizlarning ijtimoiy muhofazasi, teng huquqliligi belgilangan.
Siyosatchi ayollarni yuzaga chiqaradigan huquqiy omillardan biri parlament saylovlarida ayollarga kvota belgilanganligidir.
Siyosiy partiyalardan Parlamentga nomzod koʻrsatilayotganda ayollarga 30 foizlik kvota belgilandi. Saylov qonunchiligimizni bu tariqa takomillashtirilishi milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqdi. Natijada ayollarning Milliy qonunchilikdagi faol ishtirokini taʼminladi. Ushbu kvota belgilanganligi tufayli parlament aʼzolari boʻlgan ayollar soni avvalgi parlament sayloviga koʻra koʻpayib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarorida “Maʼnaviyat – eng taʼsirchan va qudratli qurolimiz” degan tamoyilga muvofiq, aholining madaniy saviyasini yuksaltirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik, jumladan, elektron kitobxonlikni rivojlantirish, ijodkor ziyolilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish va ularning yutuqlarini targʻib etish borasidagi ishlarni keng aks ettirish” lozimligini taʼkidlandi. Shuningdek qarorda taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borishga qaratilgan ishlarga alohida urgʻu berildi.
Kelajakda bu davr jamiyatimizda ayollarni ulugʻlash, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va maʼnaviy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish, pirovardida komil farzand tarbiyalash, umuman oila, onalik va bolalikning ijtimoiy muhofazasi davri sifatida tarixda oʻchmas iz qoldiradi.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist