Navroʻz mintaqamiz xalqlarining qadimiy va umumiy bayramidir. Uning mohiyatida doʻstlik, ahillik, bagʻrikenglik, yaxshi qoʻshnichilik kabi olijanob fazilatlar oʻz ifodasini topgan. Xalqimiz azaldan bu bayramni doʻstu yaqinlari, qon-qardoshlari bilan birga nishonlagan.
Oʻtgan yili Navroʻz kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan borgan edi.
Bu yil Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bilan tabriklash maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonni Prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi boʻldi.
Qardosh oʻzbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, yaxshi kunlarda ham, qiyinchilik damlarda ham bir-birini qoʻllab-quvvatlagan. Bunday doʻstlik va ahillik bugungi kunda xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalarga mustahkam asos boʻlmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari, hududlari oʻrtasidagi aloqalar faollashdi. Transport yoʻlaklari ochilib, temir yoʻl va avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik kengaydi. Sanʼat va madaniyat namoyandalari, shoir va yozuvchilar ikki mamlakatdaga koʻrgazma va festivallar, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2018 yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili oʻtkazilayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezidentlar mintaqa davlatlari, xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi samimiy munosabatlar har qachongidan ham mustahkamlanib borayotganini qayd etib, chegaralardagi yengilliklar ikki mamlakat xalqlarining oʻzaro bordi-keldisi uchun keng yoʻl va imkoniyatlar ochgani, bunda eng katta maqsad boʻlgan xalqlarimiz roziligiga erishilganini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati yuqori baholandi, uni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qoʻyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Qurʼon tilovat qilindi.
Qozogʻiston Prezidenti davlatimiz rahbari hamrohligida Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Shuning bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetdi.