Oliy darajadagi muzokaralar boshlandi

0
151
marta koʻrilgan.

Qirgʻiziston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtmoqda. Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng davlat rahbarlari tor doirada muzokara boshladilar, deya xabar bermoqda prezident. uz  saytida. 

Oʻzbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev Sooronboy Jeenbekovni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor samimiy qutlab, bugungi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, koʻplab masalalarda hamfikrligi, hamkorlikka mushtarak intilishi tufayli Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston munosabatlari mustahkamlanib, oʻzaro aloqalar faollashmoqda.

— Qirgʻiziston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini Oʻzbekiston zaminidan boshlaganingizni yuqori baholaymiz, — dedi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev. – Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatingiz ifodasi deb qabul qilamiz.

Sooronboy Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirib, Qirgʻiziston xalqi nomidan chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi.

— Siz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi davlat chegarasini chinakam doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz, — dedi Qirgʻiziston Prezidenti.

Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish, yangi oʻtkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini taʼkidladilar.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi strategik sheriklik munosabatlari, doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va ishonchni mustahkamlash borasida oʻz azmu qarori taʼkidladilar.

Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Prezidentlar xalqaro maydonda ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash borasida ulkan salohiyat mavjudligi, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga intilishi mushtarakligini qayd etdilar.

Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida avvalo qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari va sheriklik aloqalar faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirgʻiziston Respublikasi bilan aloqalar ham yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar oʻrtasidagi bordi-keldilar kengaymoqda.

Muzokarada Prezident Sooronboy Jeenbekov Qirgʻiziston Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.