Oʻzbekiston Prezidenti AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondonini qabul qildi

0
92
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik ayniqsa siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi oʻzaro aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. 

Mintaqada barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurash, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 

General J.Votel davlatimiz  rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, AQSH Prezidenti D.Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

AQSH joriy yil mart oyida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashi va qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi. 

Ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, Afgʻoniston va butun Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari yoʻlida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida taʼkidlandi. 

Muloqot yakunida Oʻzbekiston Prezidentining AQSHga kutilayotgan rasmiy tashrifi Oʻzbekiston-Amerika hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishi, oʻzaro manfaatli hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga qatʼiy ishonch bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.