Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti «Islom hamjihatligi: Oʻzbekiston va Ozarbayjon misolida» xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari bilan uchrashdi

0
326
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni «Islom hamjihatligi: Oʻzbekiston va Ozarbayjon misolida» xalqaro konferensiyasining Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda boshchiligidagi ishtirokchilari delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, ushbu konferensiya tashkil qilingani va uning ishida xorijiy mamlakatlardan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etgani jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, konfessiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlik tobora kengayib borayotganidan dalolat ekanini alohida taʼkidladi. 

Hamkorlikdagi bunday saʼy-harakatlar jahonda muqaddas islom dinining asl qadriyatlari va insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, zamonamizning xalqaro terrorizm va ekstremizm singari tahdid va xatarlariga qarshi samarali kurashishga qaratilgani qayd etildi. 

Oʻzbekistonning «Jaholatga qarshi maʼrifat» – taʼlim olishning hamma uchun ochiqligini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berish kabi prinsipial yondashuvlari nufuzli xalqaro forumlarda bir necha bor bildirildi. 

Oʻzbekiston Prezidenti Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. 

Shuni taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda bu yoʻnalishda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda, xalqaro hamkorlik kengaymoqda. 

Xususan, buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish va uni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda. 

Uchrashuvda bugungi kundagi global jarayonlar, xavfsizlik va barqarorlikka nisbatan tobora kuchayib borayotgan tahdid va xatarlar saʼy-harakatlarni birlashtirish, konfessiyalararo hamkorlik va muloqotni rivojlantirishni taqozo qilayotgani qayd etildi. Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash, taʼlimni rivojlantirish va yoshlarning axloqiy tarbiyasini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi. 

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda samimiy qabul uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Mehmonlar mamlakatimizda bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinga eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil ishlarga yuksak baho berdi. 

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari tinchlik, totuvlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlash yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi bilan faol muloqot hamda keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.