Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
74
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqot avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan yana bir bor samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, oʻzaro manfaatli keng koʻlamli hamkorlikda erishilgan yutuqlar chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida davlatlar rahbarlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika majmuasi, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Tomonlar hududlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirish hamda joriy yil kuzida Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Rossiya hududlararo birinchi forumini oʻtkazish haqida kelishib oldi.

Turizm va madaniyat sohalaridagi almashinuvlarni yanada kengaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida oʻzaro manfaatli dasturlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlatlar rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari turli formatlarda yaqindan hamkorlik qilishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.