Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining keng doiradagi muzokaralarida ishtirok etdi.
Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev ShHT faoliyatini takomillashtirish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlashga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
«Joriy yil boshidan Oʻzbekistonning ShHTga aʼzo davlatlar, uning kuzatuvchilari va sheriklari bilan savdosi hajmi oʻttiz foizdan ziyod oshdi. Lekin bu mavjud imkoniyatlarimizning cheki emas.
Bizning fikrimizcha, tovar ayirboshlashni yanada oʻstirish uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish kerak.
Shuningdek, biz davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishda «yashil yoʻlaklar» tarmogʻini kengaytirish tarafdorimiz», dedi davlatimiz rahbari.
ShHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi, bu borada «Bir makon, bir yoʻl» tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Mamlakatimiz Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy, Mozori Sharif – Hirot temir yoʻllarini qurish, shuningdek, Markaziy Osiyo – Fors koʻrfazi, Shimol – Janub va Sharq – Gʻarb transmintaqaviy yoʻlaklarni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.
Prezidentimiz yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari boʻyicha ham oʻz takliflarini bildirdi.