Prezident Buxoro davlat tibbiyot institutida boʻldi

0
80
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ilgari ushbu taʼlim maskani oʻtgan asrning 50-60-yillarida qurilgan binolarda va tarqoq joylashgan edi. Oʻzining klinikasi ham yoʻq edi. Investitsiya dasturi doirasida shahar chekkasida institut uchun yangi majmua qurilib, joriy yil may oyida foydalanishga topshirildi.

Majmua 900 oʻrinli oʻquv binosi, 200 oʻrinli klinika, simulyasiya oʻquv markazi, vivariy, sport zali, 1 ming 200 oʻrinli talabalar yotoqxonalari, oshxonani oʻz ichiga olgan hamda jahon standartlaridagidek yaxlit joylashgan. Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti filiali ham tashkil etilgan.

Bugungi kunda institutda davolash, pediatriya, stomatologiya, oliy hamshiralik ishi, tibbiy pedagogika, tibbiy profilaktika, tibbiy biologiya, xalq tabobati, farmatsiya kabi 9 ta yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ularga 568 nafar professor-oʻqituvchilar saboq berayotir.

— Bu Yangi Oʻzbekistonga munosib oliygoh boʻldi. Endi u ilmi bilan xalqimizga xizmat qilishi kerak. Yurtimizda Tibbiyot akademiyasi, ixtisoslashgan ilmiy markazlar, hududlarda institutlar bor. Bu ilmiy salohiyat qanday qilib xalqqa yetib boradi? Buning uchun ularni hududlarga biriktirish, sogʻlom tibbiy-ijtimoiy muhit yaratish kerak. Masʼul mahallasida kasalliklar kamayishiga qarab, mutaxassislarga ustama berish mumkin. Obrazli aytganda, profilaktika nuqtai nazaridan 36 million aholi ustida “soyabon boʻlish” kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallalarda fitobarlar tashkil qilish, shifobaxsh giyohlar afzalligini targʻib etish, Buxoroda farmsanoat klasteri tuzish muhimligi taʼkidlandi.

Shu yerda Buxoro shahrini rivojlantirish loyihasi koʻrib chiqildi.

Buxoroning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini yaxshilash va sayyohlar uchun sharoitlarni kengaytirish lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, Toʻdakoʻl suv omborining gʻarbiy hududi Buxoro viloyatiga oʻtkazilib, dam olish turizmi tashkil etish rejalashtirilgan.

— Buxoro iqtisodiyotini barqaror qilamiz desak, turizm imkoniyatlarini 10 karra oshirishimiz zarur. Faqat bugunni, bir yilni emas, kelajak 50 yilni oʻylashimiz kerak. Agar viloyatga 10 million turist kelsa, odamlar xizmatlarni koʻpaytirsa, qancha daromad paydo boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Shu bilan Buxoro viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.