Sochi shahrida oʻtayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Prezident. uz saytida.
Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida taʼkidladi.
Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Sochiga tashrifi bilan qutlab, Prezidentimizning joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani va bu oʻz samaralarini berayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifidan soʻng oʻtgan qisqa davrda oʻzaro aloqalar sezilari faollashdi. Hamkorlik doirasiga yangi sohalar qoʻshildi. Keyingi oylarda hukumatlararo va hududlararo darajada bir qancha tashriflar amalga oshirildi.
Rossiya Oʻzbekistonning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Eksport va importning barcha koʻrsatkichlari boʻyicha oʻsish kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshgan.
Yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Rossiya biznes-forumida ikki mamlakat ishbilarmonlari koʻplab istiqbolli kelishuvlarga erishdi.
Sanoat tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiya kuchayayotgani, biznes vakillari hamkorligi kengayayotgani, xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.