Sodiq Imomiy: “Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat tufayli mintaqamizda katta oʻzgarishlar yuz bermoqda”

0
65
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlik izchil rivojlanmoqda, barcha darajada, jumladan, chegaraoldi hududlar hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasida muloqot faollashgani kuzatilmoqda. Oʻzaro anglashuv va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, umumiy tarix, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarga asoslangan yaxshi qoʻshnilik aloqalari mustahkamlanmoqda.

Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq IMOMIY shular haqida soʻzladi.
 
– Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli soʻnggi yillarda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqamizda katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbekiston oʻzining tashqi siyosatida qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Natijada mintaqamizga yangi hayot shabbodasi kirib keldi va hukmronlik qilmoqda.
 
Shavkat Mirziyoyevning qoʻshni mamlakatlar bilan chegara masalalarini hal etayotgani eʼtirofga loyiq. Oʻzbekiston rahbari eng avvalo qoʻshni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikka alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu maqsadlar 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham oʻz ifodasini topgan. Ushbu hujjatda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, Oʻzbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qoʻshnilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish kabi masalalar ustuvor yoʻnalishlar etib belgilandi.
 
Oʻtgan qisqa vaqtda mintaqa mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tarixiy qadamlar tashlandi. Bunda Oʻzbekistonning qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani, Afgʻonistonga alohida eʼtibor qaratayotgani asosiy omil boʻlmoqda. Oʻzbekistonda bugungi kunda kechayotgan shiddatli oʻzgarishlar xalqaro miqyosda yuksak eʼtirof etilmoqda.
 
Oʻtgan qisqa vaqt davomida Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarida ham chuqur oʻzgarishlar yuz berdi. Ikki tomonlama hamkorlik barcha kompleks masalalarni yaxshilash nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqilmoqda. Toshkent va Dushanbe oʻrtasida aviaqatnovlar tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning majlislari oʻtkazildi, davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish boʻyicha hukumatlararo delegatsiyalar ishchi guruhlarining uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Shu bilan birga, turli sohalarda, xususan, madaniy-gumanitar sohadagi qoʻshma tadbirlar ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
 
Shu kunlarda mamlakatlarimiz juda katta siyosiy voqea arafasida turibdi. Men buni tarixiy voqea deb atagan boʻlardim. Yaqin kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi. Ikki tomon qizgʻin tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Tojikistonda tashrifga oid tashkiliy masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu masala shaxsan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan.
 
Davlat tashrifi davomida oʻnlab muhim hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan. Shu sababli ham tayyorgarlik ishlarining qamrovi juda kengligini taʼkidlashni istardim.
 
Bir narsani ochiq aytaman, Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi ikki xalq oʻrtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan doʻstlik munosabatlarida yangi sahifa ochadi. Oʻzbek bilan tojik ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq. Bizni oʻzaro ajratuvchi jihatlar yoʻq, xalqlarimizni bir-biridan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Ularning tafakkuri, turmush tarzi, eʼtiqodi va qarashlari ham mushtarak.
 
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi pogʻonaga olib chiqadi, albatta. Imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlash, oʻzaro bordi-keldini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Viza rejimini soddalashtirishga intilishlar ham shundan dalolat bermoqda.
 
Ikki mamlakat fuqarolarining bemalol bordi-keldisini yoʻlga qoʻyish maqsadida yangi transport yoʻnalishlarini ochish ham rejalashtirilmoqda. Mavjud kommunikatsiya imkoniyatlaridan emin-erkin foydalanish uchun qoʻldan kelgan barcha ishlar amalga oshiriladi.
 
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi soʻnggi bir yilda 80 foiz oshdi. Bu oʻtgan yillarga solishtirganda juda katta yutuqdir. Yaqin ikki yil mobaynida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Oʻylaymanki, bu chegara emas.
 
Oʻzbekiston ham, Tojikiston ham iqtisodiy sohada katta yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Oʻzbekistonda elchilik faoliyatimni boshlaganimdan keyingi davrda mamlakatingiz erishayotgan katta-katta yutuqlarga guvoh boʻldim. Iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlarni oʻz koʻzim bilan koʻrmoqdaman. Oʻzbekiston mahsulotlari jahon bozorini zabt etmoqda. Tojikistonda ham shunday imkoniyatlar bor. Ishonch bilan ayta olamanki, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi yaqin kelajakda yuqori koʻrsatkichlarga erishadi.
 
Oʻtgan yili Toshkentda Tojikiston madaniyati kunlari, Dushanbeda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi. Hech bir mubolagʻasiz aytish kerakki, bu tadbirlar xalqlarimizning doʻstlik bayramiga aylanib ketdi. Anjumanlarda ikki xalq bir-birining milliy musiqa sanʼatini yuksak qadrlashi yana bir bor namoyon boʻldi. Shaxsan oʻzim Toshkentdagi Tojikiston madaniyati kunlarida xalqlarimiz bir-birini juda ham sogʻinganiga bevosita guvoh boʻldim.
 
Biz, diplomatlar, davlat idoralari rahbarlarining zimmasidagi eng muhim vazifa – xalqlarimizning bir-biriga quchoq ochib borishiga, yanada yaqin muloqot qilishiga hissa qoʻshishdan iborat.
 
Biz oʻsib kelayotgan yosh avlod ongiga asrlar osha meros boʻlib kelayotgan oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik gʻoyalarini singdirishimiz kerak. Bu masalada OAVning roli juda katta. Shu sababli barcha matbuot xodimlariga murojaat qilib, xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik, yaxshi qoʻshnilikka alohida eʼtibor qaratishini soʻrardim.
 
Tojikiston ommaviy axborot vositalarida doʻst Oʻzbekistonda yuz berayotgan olamshumul voqealarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ular doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik ruhida yoritilmoqda. Misol sifatida aytadigan boʻlsam, yaqinda 23 yoshgacha boʻlgan oʻzbekistonlik futbolchilar Osiyo chempionatida gʻalaba qozondi. Tojikistondagi ikkita telekanal bu musobaqani toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatdi. Tojik xalqi Oʻzbekistonning, oʻzbek xalqining shodligini birgalikda baham koʻrdi. Tojikiston markaziy telekanallarida Dushanbedagi Oʻzbekiston madaniyati kunlari va Toshkentda oʻtkazilgan Tojikiston madaniyati kunlari tadbirlari tez-tez namoyish etilib turibdi.

Manba: OʻzA

 

Podelitsya Podelitsya

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.