Sogʻliqni saqlash sohasidagi muhim yoʻnalishlar belgilandi

0
97
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 may kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Tinchlik va sogʻlik – inson hayoti uchun eng kerakli neʼmatlar. Bu ikki yoʻnalish davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim negizlari etib belgilangan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi asosida soha bosqichma-bosqich takomillashtirib kelinmoqda. Soʻnggi bir yilda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu yil sohaga byudjetdan 21 trillion soʻm, yaʼni 2017 yilga nisbatan 3 baravar koʻp mablagʻ ajratildi.

Lekin, tizimda samaradorlik va aholiga qulayliklarni oshirish boʻyicha hali koʻp ish qilish kerak. Joylarda oʻtkazilgan soʻrovlarda bor-yoʻgʻi 13 foiz aholi tibbiyotdagi ijobiy oʻzgarishlarni sezayotganini aytgan.

Davlatimiz rahbari sohadagi vazifalarni 5 ta yoʻnalishda koʻrsatib oʻtdi.

Birinchisi – birlamchi tibbiyot boʻgʻinini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish.

Ikkinchisi – ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash.

Uchinchisi – raqamlashtirish orqali sohada qogʻozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

Toʻrtinchisi – tibbiyotning barcha yoʻnalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.

Beshinchisi – tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish.

Yigʻilishda ushbu vazifalarni bajarishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

– Tibbiyotdagi islohotlarni sifatli, manzilli amalga oshirsak, odamlar rozi boʻladi, sogʻligʻini tiklab oladi. Soha mutasaddilari, hokimlar har bir qishloq shifokori bilan, hamshiralar bilan gaplashib, jahon tajribasini oʻrganib, chora-tadbirlar koʻrsa, albatta oʻzgarish boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Avvalo, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalasiga eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda 250 dan ziyod kasalliklarning 87 tasini birlamchi boʻgʻinda davolash mumkin. Buning uchun mazkur boʻgʻinni malakali kadrlar, shoshilinch yordam uchun zarur 50 xil dori va 16 turdagi tibbiyot vositalari bilan taʼminlash kerak.

Prezident surunkali kasalliklarni birlamchi boʻgʻinda davolash, ayniqsa, yurak-qon tomir va oshqozon-ichak xastaliklari profilaktikasini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Birlamchi boʻgʻinda davolash zarur boʻlgan kasalliklar boʻyicha bepul tibbiy xizmatlar paketi joriy etilishi belgilandi. 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda oilaviy shifokorlar malakasini oshirish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis va chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilish kerakligi qayd etildi. Oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda shtatlar normativi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining malaka talablari, jihozlash standartlarini takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Yurtimizda 17 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi bor. Ular tomonidan joylarda tibbiy koʻriklar oʻtkazilayotgani natijasida kasalliklar erta aniqlanib, ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda.

Xususan, Ftiziatriya va Pediatriya markazlari barcha hududlarda oʻz filiallarini tashkil etgani bois, Toshkentga keluvchi bemorlar soni soʻnggi 2 yilda qariyb 20 foizga kamaygan.

Davlatimiz rahbari ixtisoslashgan markazlar bilan viloyat, tuman va shahar shifoxonalarini samarali bogʻlab, malakali tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish zarurligini taʼkidladi.

Misol uchun, jarrohlik amaliyotini talab etmaydigan yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, nafas yoʻllari, teri kasalliklariga diagnoz qoʻyish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini tumanlarda amalga oshirish mumkin. Koʻz mikroxirurgiyasi, urologiya, travmatologiya, koʻkrak va qorin boʻshligʻi yoʻnalishlaridagi jarrohlik muolajalarini viloyat darajasida tashkil qilish uchun sharoitlar yetarli.

Respublika markazlarida esa murakkab tashxisli kasalliklar va yuqori texnologik amaliyotlar bajarilishi ustuvor boʻlishi kerak.

Shu bois, viloyat va tuman shifoxonalarida davolanadigan kasalliklar roʻyxatini tasdiqlab, quyi boʻgʻin shifokorlari malakasini oshirish choralari belgilandi.

Hokimliklarga hududiy tibbiyot muassasalarini angiograf, laparoskop, sunʼiy qon aylantirish kabi yuqori texnologik uskunalar va tibbiyot vositalari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot tashkilotlariga litsenziya berish tartibini soddalashtirib, jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish zarurligi aytildi.

 Mamlakatimizda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi boʻlib, ularning faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulangan.

Lekin yangicha ishlash uchun hamma joyda ham sharoit zoʻr emas. Ayrim tibbiyot muassasalarida kompyuter yetishmaydi. Sohani raqamlashtirish uchun bu yil byudjetdan 28 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa-da, bu boradagi ishlar sust kechmoqda. 

Shu bois, viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosar lavozimi tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasi joriy etiladi.

Shu yil 1 avgustga qadar elektron order tizimini ishga tushirib, barcha hududlar va ixtisoslashgan markazlarni ulash, 1 noyabrga qadar Toshkent shahridagi barcha poliklinikalarni toʻliq raqamlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Avvalo, ularni sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, bolalarning toʻgʻri ovqatlanishini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi. Har bir hudud boʻyicha tahlillardan kelib chiqib, maqsadli skrininglar oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

Viloyatlarda Perinatal va Skrining markazlari yagona klaster sifatida birlashtirilib, tumangacha tushadigan boʻgʻin tashkil qilinishi qayd etildi.

Sohadagi yana bir dolzarb yoʻnalish taʼlim, fan va kadrlar tayyorlashni rivojlantirishdir.

Tibbiyot sohasidagi hozirgi taʼlim uslublari bundan 30-40 yillar avval tasdiqlangan, darsliklarning aksariyati xalqaro standartlarga javob bermaydi. Oliy oʻquv yurtlari va ixtisoslashgan markazlarda ilmiy salohiyatga qiziqish, ragʻbat kam.

Shu bois, tibbiyot oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida, menejerlar hamda yuqori texnologik uskunalar bilan ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochish zarurligi taʼkidlandi. Ordinatura va magistraturada oʻqiyotgan iqtidorli yoshlarni xorijda malaka oshirishga yuborish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

– Sogʻliqni saqlash tizimiga har yili bir necha trillionlab mablagʻ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Ushbu ajratilayotgan mablagʻlar samarasini xalqimiz sezishi kerak, – dedi Prezident.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.