Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” degan tamoyil har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni nazarda tutadi. Shulardan biri malakali tibbiy xizmatdan bahramand boʻlishdir.
Bu sohadagi rejalar haqida Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida aytgan edi va ularning ijrosiga kirishildi. Ushbu yigʻilish ham tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini rivojlantirish, eng koʻp tarqalgan va oʻlimga sabab boʻlayotgan kasalliklarni erta aniqlash, maqsadli skrining tadbirlari oʻtkazish masalalariga qaratildi.
Vazirlar Mahkamasi va Sogʻliqni saqlash vazirligining bu sohadagi kamchiliklari tanqidiy koʻrsatib oʻtildi.
– Xalqimizning sogʻligʻi hech narsa bilan oʻlchanmaydigan eng bebaho boyligimizdir, – dedi Prezident. – Shu bois tibbiyotni xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish boʻyicha katta marralarni belgilab oldik. Buning uchun birlamchi boʻgʻinga ajratiladigan mablagʻlarni 2 barobarga oshirib, aholi oʻrtasida keng tarqalgan kasalliklarni kamaytirish boʻyicha alohida dastur qabul qilamiz.
Yigʻilishda sohadagi vazifalar kardiologiya yoʻnalishi misolida koʻrib chiqildi.
Tahlillarga koʻra, 30-70 yoshdagi aholi oʻrtasida oʻlim holatlarining 53 foizi yurak-qon tomir kasalliklariga toʻgʻri kelmoqda. Soʻnggi besh yilda bunday kasalliklar 20 foizga, jumladan, yoshlar orasida ham koʻpaygan. Umuman, 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan boʻlib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi.
Shu bois, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga koʻra, kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali yiliga kamida bir marta manzilli skriningdan oʻtkaziladi, tuman laboratoriyalari koagulometr va zarur reaktivlar bilan taʼminlanadi, yurak-qon tomir kasalligi aniqlangan aholining yagona elektron reestri yuritiladi, ehtiyojmand aholiga dorilar bepul tarqatiladi.
Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda har bir tumanga 350 million soʻmdan, jami 70 milliard soʻm ajratilishi moʻljallangan. Umuman, birlamchi boʻgʻinga dori va tibbiy buyumlar uchun 580 milliard soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda. Bu joriy yilgi xarajatlardan 3 barobar koʻpdir.
Prezidentimiz oilaviy shifokorlar va hamshiralarni yurak kasalliklarini erta aniqlash hamda davolash boʻyicha qoʻshimcha oʻqitish muhimligini taʼkidladi.
Kelgusi yil 1 iyulga qadar tuman, viloyat va respublika darajasida davolanadigan kasalliklar roʻyxati tuzilib, shu asosda rejali davolash yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Buning uchun tuman shifoxonalari 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan taʼminlanadi. Natijada koʻrsatiladigan xizmatlar turi 5 tadan 15 taga oshadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filiallarida esa xizmatlar 15 tadan 35 tagacha yetkaziladi. Xususan, Xorazm viloyati filiali qoʻshimcha jihozlanib, barcha jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish imkoniyati yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu tajribani bosqichma-bosqich boshqa viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi shifoxonalarda ham yoʻlga qoʻyish, ixtisoslashtirilgan kardiologiya xizmatlarini hududlargacha tushirish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati ham tanqidiy koʻrib chiqildi. U yerda preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika kabi yoʻnalishlarda yangi laboratoriyalar tashkil etish, xorijdagi yetakchi klinikalarda shifokorlar malakasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Ushbu markazni transformatsiya qilib, koʻp tarmoqli shaklga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, yurak-qon tomir kasalliklarning asosiy sabablaridan biri – notoʻgʻri turmush tarzi. Toʻgʻri ovqatlanib, koʻproq piyoda yuradigan odamlarda bunday xastalik kam uchrashi xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan isbotlangan.
Davlatimiz rahbari buning foydasini yanada keng targʻib etish, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy mashgʻulotlarni odamlarning odatiy hayot tarziga aylantirish muhimligini taʼkidladi.
Shu maqsadda “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda undan foydalanuvchilar 600 ming nafarga yetdi, ularga 18 milliard soʻm toʻlab berildi. Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu tizimdan foydalanuvchilar koʻlamini kengaytirish uchun 60 milliard soʻm ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Videoselektor yigʻilishida hudud rahbarlari toʻplanganidan foydalanib, avval berilgan topshiriqlar ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yosh avlod bilan manzilli ishlash uchun har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Ular yigit-qizlar muammolarini hal etish, kasb oʻrganishi va bandligiga koʻmaklashish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan shugʻullanadi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining bajarilishi koʻrib chiqildi. Hokimlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari daraxt va koʻchat ekish ishlarining borishi toʻgʻrisida axborot berdi.