Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar natijalari tahlil qilinib, yangi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi

0
335
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari barcha islohotlardan asosiy maqsad odamlar hayotini yaxshilash ekani, sifatli tibbiy xizmat bu borada muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. 

Keyingi ikki yilda Prezidentning sohaga oid 50 ta farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ziyod qaror va farmoyishlari qabul qilindi. 6 ta yangi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, ularning soni 16 taga yetdi. Xalqimizga yanada qulay boʻlishi uchun hududlarda ularning 10 ta filiali ish boshladi. Tuman va shahar shifoxonalarida 306 ta yangi ixtisoslashgan boʻlimlar, 1 ming 200 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi ochildi.

Umuman olganda, joriy yilda tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilga nisbatan 40 foiz koʻp mablagʻ ajratildi. Yigʻilishda kelasi yil sohaga qariyb 30 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Prezidentning kuni kecha qabul qilingan “Davlat tibbiyot muassasalari va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi yana bir ijobiy yangilik boʻldi. Unga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 1 dekabrdan 20 foizga, 2019 yil 1 apreldan yana 15 foizga oshiriladi. 

Farmon va qarorlar chiqarilib, sohaga shuncha imkoniyatlar yaratildi, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin sogʻliqni saqlash tizimida kutilgan natijalar koʻrinmayapti. Ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezayotgani yoʻq, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning oʻtgan davrida Prezidentning Virtual qabulxonasiga tibbiyot sohasiga doir 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgani, bu sohada hali muammolar borligini koʻrsatishi qayd etildi. 

Masalan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi va malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasi talabga javob bermaydi. Buning oqibatida hududlardagi bemorlar katta mablagʻ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur boʻlmoqda.

Shu bois yigʻilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni toʻliq qayta koʻrib chiqish, oʻrganishlarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikadan  markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi taʼkidlandi. 

Tibbiy xizmat koʻrsatishda respublika, viloyat, tuman va qishloq boʻgʻinlari oʻrtasida bogʻliqlikni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda, avvalo, mahallalarda profilaktika ishlari va tibbiy koʻriklar yaxshi tashkil etilib, kasalliklarning oldi olinadi, zarur hollarda bemorlar tuman va viloyat markazlariga yuboriladi. Tuman tibbiyot birlashmalari esa kasallarni imkon qadar oʻzida davolab, ogʻir bemorlarni viloyat va respublika muassasalariga yoʻnaltiradi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari esa oʻz ixtisosligi boʻyicha yagona metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirib, aholi salomatligini mustahkamlaydi.

Yigʻilishda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Onalar va bolalar oʻlimiga sabab boʻlayotgan omillarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yuqumli boʻlmagan kasalliklarni profilaktika qilish ishlari talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi. Qator ixtisoslashtirilgan markazlarning bu boradagi faoliyati tanqid qilindi. 

Ayrim hududlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash ishlari ham qoniqarli emas. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida gepatit, oʻpka sili bilan kasallanish soni respublika boʻyicha 20 foizgacha kamaygan boʻlsa-da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida kamaymagan. 

Shu bois respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridagi moddiy-texnik baza va davolash holatini oʻrganib, mavjud kamchiliklarni hal etish, OITSning oldini olish, xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni majburiy test tekshiruvidan oʻtkazishning qonuniy mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish chora-tadbirlari muhokama qilindi. 

Xususiy tibbiyot muassasalari tarmogʻini yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususiy tibbiyotning barcha tarmoqlarini rivojlantirish, yirik shaharlarda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qoʻshni mamlakatlar fuqarolariga ham tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjud.

Shuning uchun mutasaddilarga xususiy tibbiyot muassasalari tarmogʻini kengaytirish, Toshkent, Samarqand, Andijon kabi yirik shaharlarda “tibbiyot xab”larini barpo etish boʻyicha vazifalar topshirildi.

Kasalliklarning oldini olishning eng kamxarj va samarali yoʻli aholining sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanish madaniyatiga amal qilishidir.

Afsuski, kamharakatlilik va notoʻgʻri ovqatlanish oqibatida Oʻzbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizi qon tarkibida meʼyordan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori.

Shu bois aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini va sogʻlom ovqatlanish madaniyatini targʻib qilish orqali kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. 

Videoselektorda tibbiyot sohasini oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish yoʻnalishlari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda 2025 yilgacha sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha konsepsiya loyihasini puxta ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. 

Masalan, sohani moliyalashtirishning amaldagi smeta usuli eskirgani, tibbiyot muassasalari qancha bemor davolanganiga qarab emas, koyka-oʻrinlar soniga qarab moliyalashtirib kelinayotgani qayd etildi. Bugungi zamon talablari va xorij tajribasidan kelib chiqib, sinov tariqasida mamlakatimizning 14 ta hududida bittadan tibbiyot birlashmasini aholi jon boshiga va statsionar sharoitda davolanganlar soniga qarab moliyalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.  

Bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlarda majburiy tibbiy sugʻurta tizimi joriy etilgan. Bu orqali byudjet xarajatlarini kamaytirish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga erishilgan.

Yigʻilishda 2021 yildan boshlab yurtimizda ham majburiy tibbiy sugʻurta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya kabi davlatlardan xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, tegishli qonun va qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. 

Tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, ayrim davolash muassasalarini shunday sheriklik asosida yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, ularga toʻliq moliyaviy mustaqillik berish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. 

Tibbiy taʼlim tizimini isloh qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Nufuzli xorijiy taʼlim muassasalari filiallarini ochish, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari oʻrtasida integratsiyani kuchaytirish masalalari boʻyicha ham topshiriqlar berildi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi. 
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.