Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
107
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soliq qonunchiligi talablarini yengillashtirish hamda soliq maʼmuriyatchiligining yangi vositalarini samarali joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tadbirkorlik subyektlarining soliq yukini kamaytirish va biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida:

1. 2022 yil 1 iyuldan boʻsh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obyektlariga (foydalanilmayotgan obyektlar) hamda ushbu obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini toʻxtatish tartibi (taʼsirchan soliq mexanizmi) bekor qilinsin.

2. Belgilansinki, 2023 yil 1 martga qadar:

hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima solinmaydi;

xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni soliq organlarining “Ye-aktiv” axborot tizimida aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.

3. 2022 yil 1 iyuldan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

majburiy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida eʼtirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladi. Bunda tadbirkorlik subyektlarining faoliyati soliq organlari tomonidan monitoring qilib boriladi va monitoring davomida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib qoʻyishga asos boʻladi;

soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq toʻlovchilarning qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan besh ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan soʻng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda toʻxtatib turiladi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga muvofiq kelmasligi yoki soliq toʻlovchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan manzilda mavjud boʻlmaganligi holatlari mustasno).

4. Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi tadbirkorlik subyektlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashi muhokamalarida koʻtarilgan masalalar asosida soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin hamda soliq organlarining axborot tizimlarini takomillashtirib borsin;

mazkur farmonning mazmun-mohiyati, shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligida joriy etilgan soʻnggi oʻzgarishlar toʻgʻrisida aholi va tadbirkorlik subyektlariga keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali tizimli ravishda tashkil etsin;

ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D.Kudbiyev belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.