Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qoʻmitasida sohani takomillashtirish boʻyicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. 2019 yil dekabrda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanuvchi normalar joriy etildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mulk soligʻi stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.
Bularning natijasida tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari 4 baravar koʻpaydi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.
Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan.
— Biz inson qadrini ulugʻlashni eʼlon qildik, xalqimizni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Xalqimiz qachon rozi boʻladi? Soliq kam boʻlib, daromadi oshsa, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xususan, 2026 yilga borib iqtisodiyotga soliq yukini 25 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, 2023 yildan qoʻshilgan qiymat soligʻini 12 foizgacha tushirish, keyinchalik yer va mulk soliqlarini birlashtirish moʻljallangan.
Yigʻilish avvalida mutasaddilar bajarilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini taʼkidladi.
Buning natijasida jarayonlar toʻliq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq toʻsiqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.
Davlatimiz rahbari dunyodagi tez oʻzgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini taʼminlash, tadbirkorlarga koʻmak berish zarurligini alohida taʼkidladi.
— Men bu yerga soliq toʻlovchilarning vakili boʻlib keldim, — dedi Prezident. — Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni toʻgʻri qilib, bilmaganlarga oʻrgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, koʻmakchi boʻlishi kerak.
Aytib oʻtilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli koʻplab savollar ham paydo boʻlmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – koʻmakchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni oʻrgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Soliq qoʻmitasiga barcha hududlarda tadbirkorlar bilan muloqotlar oʻtkazish, ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish vazifasi qoʻyildi.
Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi kerakligi aytildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari u yerda kadrlar tayyorlash sifatiga eʼtibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar boʻyicha oʻqitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.
Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.