Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlab

0
2698
marta koʻrilgan.

Ulugʻ mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mamlakatimizda ulugʻ bobokalonimizga ehtirom koʻrsatish, asarlarini oʻrganish, uni dunyoda keng targʻib etishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.  Ayni kunda buyuk shoir tavalludiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlarda boʻlib oʻtmoqda. 

 Poytaxtda esa 9 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida shoir tavalludining 577 yilligiga bagʻishlangan anʼanaviy tadbir boʻlib oʻtdi. 

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, navoiyshunos olimlar, adib va shoirlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, navoiyshunos olim U.Joʻraqulov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida shoir xotirasi abadiylashtirilgani uning jahon adabiyoti xazinasiga qoʻshgan buyuk hissasi hamda cheksiz isteʼdodiga boʻlgan yuksak hurmat ifodasi ekanini taʼkidladi. 

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari buyuk ajdodimizning oʻlmas bunyodkorlik gʻoyalari uning avlodlari tomonidan munosib davom ettirilayotganidan dalolatdir. 

– Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyni bugun butun dunyo eʼtirof etadi, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov. – U zotning siymosi mangu barhayotdir. Men Alisher Navoiy siymosini gavdalantirish baxtiga muyassar boʻlganimdan bagʻoyatda shodman. Hazratning yuksak ruhiy-maʼnaviy qiyofasini ochib berish katta masʼuliyat yuklaydi. Xalqimiz sheʼrxonlikni yaxshi koʻradi, adabiyotni sevadi, Alisher Navoiyni mangu ardoqlaydi. 

Oʻzbekiston xalq hofizlari A.Ibrohimov va B.Doʻstmurodov ijrosida Alisher Navoiy gʻazallariga bastalangan qoʻshiqlar yangradi. Yosh shoir B.Elmurod Hazrat Navoiyga bagʻishlab yozgan sheʼrini, aktyor S.Sattorov Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonini koʻchirgan kotib Muhammad Yusuf ibn Usta Qalandar Margʻinoniyning ulugʻ shoirga bagʻishlangan madhiyasini oʻqib berdi. 

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻydi. 

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.Akmalov ishtirok etdi. 

 
* * *

Shu kuni poytaxtimizdagi Shoirlar xiyobonida ham buyuk bobokalonimiz tavalludiga bagʻishlangan mushoira boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba va oʻquvchi-yoshlar qatnashdi. 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim A.Qayumov va boshqalar Alisher Navoiyni oʻqish va uqish, oʻrganish, targʻib qilish, ayniqsa, yoshlarimizga oʻzligini anglatish, maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida, umuminsoniy gʻoyalar asosida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. 

– Alisher Navoiyning tavallud ayyomi xalqimiz, butun dunyo uchun adabiyot bayrami desak arziydi, – deydi yosh shoir Bahodir Bahrom. – Boisi, Alisher Navoiy oʻzining ijodi, insoniy gʻoyalari bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgan. Hazratning soʻz mulkining sultoni, deb atalishi ham bejiz emas. Shu paytgacha dunyo adabiyotida ulugʻ mutafakkir bobomizchalik biron ijodkor oʻz ijodida koʻp va xoʻb soʻz ishlatgan emas. U kishining maʼnaviy merosi xalqimiz uchun bitmas-tuganmas xazinadir. 

Alisher Navoiy asarlaridan namunalar oʻqildi. Faol oʻquvchilarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi. 

Bayram Aytmurodov, OʻzA

 

Podelitsya Podelitsya

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.