Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2021 yil 26 iyuldagi 2-son bayoni bilan 2021/2022 oʻquv yili qabulida sportchi-oʻquvchilarga tartib -qoidalar belgilandi.
Sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan sportchi-oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari murojaatlarini inobatga olgan holda, sport turlari hamda paralimpiya sport turlari boʻyicha Osiyo va Respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchi-oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, istisno tariqasida, 2021/2022 oʻquv yili qabulida faqat “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga kirish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtgan ushbu toifadagi abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Unga koʻra:
— ikkinchi mutaxassislik fani (umumiy jismoniy tayyorgarlikni nazarda tutgan holda) hamda majburiy uchta fanga – ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va Oʻzbekiston tarixi boʻyicha test sinovlaridan ozod etgan holda maksimal ball beriladi;
— kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga koʻra, ushbu toifadagi abituriyentlarning toʻplagan ballariga muvofiq, ular umumiy tanlovdan tashqari davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi. Bunda, kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga koʻra, ushbu toifadagi abituriyentlarni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish uchun minimal oʻtish bali Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq belgilanadi;
— “Sport faoliyati” va “Jismoniy madaniyat” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga kirish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish jarayonida mazkur bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining sirtqi taʼlim shaklini tanlagan ushbu toifadagi abituriyentlar kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga koʻra faqat toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilishi mumkin;
—“Jismoniy madaniyat” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtgan ushbu toifadagi abituriyentlarga sovrinli oʻrinlar qoʻlga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishining sport turlari boʻyicha tuzilgan fan dasturlari asosida birinchi mutaxassislik fani boʻyicha kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) oʻtkaziladi;
— sovrinli oʻrinlar qoʻlga kiritilgan sport turlarining xususiyatidan kelib chiqib, birinchi mutaxassislik fani boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihon oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari, tegishli sport federatsiyalari, Turizm va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakillaridan iborat boʻlgan tarkibda tuziladigan imtihon komissiyasi tomonidan onlayn videotranslyasiya qilingan holda belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.