Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga sport sohasidagi yirik tadbirlar va rejalar haqida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimizda sport ancha rivojlanib bormoqda. Futbol, voleybol, boks, kurash, shaxmat, tennis, ogʻir va yengil atletikalarning koʻplab turlari ommalashgan. Davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yosh avlod orasida jismoniy madaniyatni yanada keng yoyishga xizmat qilmoqda.
Taqdimotda ommaviy sport, etnosport va gimnastikani rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi sport turlari sonini 9 tadan 12 tagacha koʻpaytirish hamda ilk bor nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida ham 5 ta yoʻnalishda oʻtkazish taklif qilinmoqda. Har yili Navroʻz bayrami arafasida Surxondaryoda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro chavandozlar musobaqasini yurtimizning boshqa hududlarida ham tashkil qilish moʻljallanmoqda. Yakkakurashlar boʻyicha salohiyatni toʻgʻri yoʻnaltirish maqsadida barcha sport maktablarida qoʻl jangi toʻgaraklarini ochish belgilanmoqda.
Maʼlumki, 2022 yil 25 mayda Prezidentning “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Unda, jumladan, Xiva shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro etnosport festivali oʻtkazilishi belgilangan.
Ilk festivalni joriy yil 7-10 sentyabr kunlari Ichan qalʼada oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida xalq oʻyinlari va sport musobaqalari, hunarmandchilik koʻrgazmalari, qovun sayli, osh pishirish chempionati, sahnalashtirilgan dasturlar boʻlib oʻtadi.
Davlatimiz rahbari festivalga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish, ishtirokchilar va turistlarga barcha qulayliklarni yaratish, Xiva shahrida “Xalqaro etnofestival bogʻi”ni tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi qaroriga muvofiq, gimnastika sport turlarini rivojlantirish boʻyicha ham koʻp ishlar qilinmoqda. Xususan, Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda. Ular ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi, bitiruvchilarga murabbiy va seleksioner mutaxassisligi boʻyicha diplom beriladi. Hozirda markazlar uchun binolar qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash boʻyicha loyihalar ishlanmoqda. Mazkur sport muassasalari 2024/25 oʻquv yilidan faoliyat boshlaydi.
Davlatimiz rahbari bu markazlarda sportchilarni tayyorlash boʻyicha eng ilgʻor uslublarni joriy etish, diyetologiyani rivojlantirish, oʻquvchilarning qatnoviga qulaylik yaratish zarurligini taʼkidladi.