Sport taʼlimi va ilmini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
99
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda sportga yaratilayotgan sharoitlar tufayli aholi oʻrtasida bu harakat ommalashmoqda. Yoshlar jismoniy tarbiya bilan doimiy shugʻullanib, koʻplari buni kasb sifatida tanlamoqda. Professional sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlarga erishmoqda.

Davlatimiz rahbari har doim sogʻlom turmush tarzi, yoshlar bandligi, olimpiya va paralimpiya harakati masalalariga alohida eʼtibor qaratib keladi. Shu yil 23 may kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida sport taʼlimini rivojlantirish, sohaga ilmiy yondashuvlarni tatbiq etish vazifasi qoʻyilgan edi.

Taqdimotda shu borada tayyorlangan reja-takliflar koʻrib chiqildi. Ular uchta muhim yoʻnalishni qamrab olgan: birinchisi – Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Fargʻona filiallarida taʼlim sifatini oshirish, ikkinchisi – sport taʼlimi muassasalarida boshqaruvni takomillashtirish, uchinchisi – sohada ilmiy tadqiqotlar tizimini yaxshilash.

Qayd etilishicha, 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab taʼlim dasturlari yetakchi xorijiy universitetlarning dasturiga koʻra shakllantiriladi. Barcha bakalavriat va magistratura yoʻnalishlariga oid malaka talablari qayta koʻrib chiqiladi, oʻqituvchilar va bitiruvchilarning bilimi, mahorati va pedagogik koʻnikmalarini baholovchi kompetensiyaviy sertifikatlash yoʻlga qoʻyiladi.

Bugungi kunda dolzarb boʻlmagan 5 ta bakalavriat yoʻnalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. Oʻquv va mashgʻulotlar jarayoniga federatsiyalarning tajribali mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlar jalb qilinadi.

Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega boʻlgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlgan abituriyentlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi. Talabalarni ragʻbatlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Iqtidorli bitiruvchilarga sport boʻyicha hakam hamda ikkinchi toifali trener maqomi beriladi.

Taʼlim va ilm bogʻliqligini mustahkamlash uchun yagona kuzatuv kengashi tuzish rejalashtirilgan. Bu kengash sport muassasalarining boshqaruv, oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini samarali tashkil qilishga bosh-qosh boʻladi. 

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport universitetining ilmiy salohiyatini 45 foizgacha chiqarish, professor-oʻqituvchilarning faoliyati natijadorligini oshirish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etib, xalqaro reytinglarga kirish maqsadlari belgilanmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutiga sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi boʻyicha tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirish, startap loyihalarni amalga oshirish kabi yangi vazifalar yuklatilmoqda.

Ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash va natijadorligini oshirish, yosh kadrlarni xorijiy oʻquv yurtlariga falsafa doktori (PhD) darajasini himoya qilish uchun yuborish ham nazarda tutilgan.

Maʼlumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Osiyo oʻyinlari oʻtganidan soʻng, bu majmuaga Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari hamda 2025 yilda faoliyat boshlaydigan Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi joylashtirilishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.