Sport va olimpiya harakati rivoji boʻyicha axborot berildi

0
29
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ommaviy sport va olimpiya harakatini kengaytirishga oid ishlar yuzasidan axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Aholi salomatligini mustahkamlash, sogʻlom avlodni tarbiyalashning muhim omili sifatida mamlakatimizda sport keng rivojlantirilmoqda. Buning uchun stadionlar, mashgʻulot zallari, “workout” maydonchalari, yugurish yoʻlaklari, sport maktablari va majmualaridan iborat ulkan infratuzilma bor.

Mahallalardagi sogʻlom muhit, hududiy musobaqalar, “Besh tashabbus olimpiadasi” taʼsirida sportsevarlar safi kengayib bormoqda. Shu bilan birga, yoshlar orasidan qobiliyatlilari saralab olinib, mahoratli professional sportchilar tayyorlanmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida bu soha boʻyicha ham koʻplab vazifalar belgilangan. Unga muvofiq, umumiy taʼlim muassasalari birlamchi sport jihozlari bilan taʼminlandi. Mahallalardagi stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan foydalanish vaqti uzaytirildi. 10 million aholini ommaviy sportga jalb qilish maqsadida joylarda futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka, yengil atletika, kurash kabi sport turlari boʻyicha besh bosqichli musobaqalar oʻtkazilmoqda.

Hududlarda sport uchun sharoitlarni kengaytirish, seleksiya jarayonlarini raqamlashtirish, ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirish borasidagi ishlar ham qayd etildi.

Davlatimiz rahbariga XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha ham axborot berildi.

Maʼlumki, ushbu nufuzli musobaqa 26 iyul – 11 avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida boʻlib oʻtadi. Unda 206 ta mamlakatdan 10 mingdan ortiq sportchi ishtirok etadi.

Oʻzbekistondan 19 ta sport turi boʻyicha jami 90 nafar sportchi qatnashadi. Ahamiyatlisi, anʼanaviy sport turlaridan tashqari bu yil ilk bor futbol, suvga sakrash, kamondan otish, ayollar kurashi boʻyicha ham yoʻllanmalar olingan. Qolaversa, bu yilgi olimpiyachilarimizning 36 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Terma jamoalarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik koʻrdi. Har bir sportchi boʻyicha individual strategiya qabul qilinib, ularning saralash musobaqalaridagi, mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulotlardagi ishtiroki taʼminlandi. 15 ta olimpiya va paralimpiya markazida hamda viloyatlardagi sport bazalarida tayyorgarlik uchun zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, sportchilar muntazam chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, tibbiy-biologik taʼminot va farmakologiya yoʻnalishlarida tizimli choralar koʻrildi.

Davlatimiz rahbari Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimizga muvaffaqiyat tiladi. Mutasaddilarga iqtidorli yoshlarni tanlash va qoʻllab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.