Endilikda taekvando boʻyicha milliy terma jamoamiz Janubiy Koreyada oʻquv-mashgʻulotlari oʻtkazadi

0
316
marta koʻrilgan.

Kuni kecha Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasi prezidenti Botir Parpiyev hamda Janubiy Koreyaning taekvondoni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi janob Kim Song Te oʻrtasida yurtimizda mazkur sport turini rivojlantirish borasida zamonaviy infratuzilmani yaratish va uni jihozlash, shuningdek, milliy terma jamoamizni Janubiy Koreyada oʻquv-mashgʻulotlarini oʻtkazish, qator turnirlarni tashkil etish loyihalari boʻyicha memorandum imzolandi, — deya xabar beradi Oʻzbekiston Taekvando Assotsiatsiyasi.

— Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik taekvondo ustalari xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon va qitʼa chempionatlarida gʻalaba qozonishmoqda, — deydi Kim Song Te. — Bunga yurtingizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar asosiy omil boʻlmoqda. Bundan buyon hamkorligimiz natijasida sportchilaringiz muntazam ravishda dunyoning kuchli sportchilari ishtirokida Janubiy Koreyada oʻtadigan yigʻinlarda qatnashishlari mumkin. Bundan tashqari, yurtingiz sportsevarlariga taekvondo bilan toʻlaqonli shugʻullanishlari uchun jamgʻarmamiz tomonidan sport kiyimlari va zarur jihozlar ham taqdim etamiz.

Xabaringiz bor, joriy yilning avgust oyida Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbari Cho Chung Von respublikamiz prezidenti qabulida boʻlib, mazkur uchrashuv doirasida mamlakatimizda ushbu sport turini aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida yanada rivojlantirish, yirik xalqaro turnirlarni muntazam oʻtkazib borish, terma jamoalarni musobaqalarga tayyorlash borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan edi. Mazkur memorodum ana shu uchrashuvning hosilasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

 

Surʼat Oʻzbekiston Taekvando Assotsiatsiyasi saytidan olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.