Aziz farzandlarim!
Shu kunlarda Qatar davlatida futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryoʻla final yoʻllanmasi hamda shu yil yozda Parijda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Jonajon Oʻzbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin gʻalabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, koʻpmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va gʻurur bilan kutib oldi. Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi.
Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi Oʻzbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi.
Albatta, sizlar erishgan bu tarixiy gʻalaba zamirida keyingi yillarda mamlakatimizda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan eʼtibor va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli amaliy ishlar mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Shu bilan birga, sizdek azmu shijoatli yoshlarimizning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrib, har bir oʻyinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini koʻrsatganingiz albatta, yuksak tahsinga munosibdir.
Osiyo qitʼasidagi eng kuchli jamoalar bilan qizgʻin kurashlar ostida boʻlib oʻtgan 5 ta oʻyinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz toʻp kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli koʻrilmagan natijadir.
Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Butun Oʻzbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq gʻalabalar tilaydi, aziz bolalarim!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti