Samarqandda 19-23 iyun kunlari umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida fizika va astronomiya fanlari boʻyicha oʻtkazilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi xalqaro olimpiada gʻoliblari taqdirlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanistondan vakillar ishtirok etdi. Ilk bor oʻtkazilgan xalqaro olimpiadada ushbu mamlakatlarning 45 iqtidorli oʻquvchisi bilimini sinovdan oʻtkazdi.
23 iyun kuni Samarqand davlat universitetida Mirzo Ulugʻbek nomidagi xalqaro olimpiadaning natijalari eʼlon qilinib, gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
– Tanlovda eng iqtidorli oʻquvchilar barcha sinovlarda faol qatnashganiga amin boʻldim, – deydi Xalqaro fizika olimpiadalari boʻyicha bosh hakam, Moskva davlat texnika instituti kafedra mudiri oʻrinbosari D.Aleksandrov. – Ularning ishlarini nufuzli hakamlar hayʼati munosib baholab bordi. Shubhasiz, eng bilimlilar gʻolib boʻldi. Xalqaro olimpiadaga Samarqandda katta hozirlik koʻrilgan ekan. Tadbir doirasida shahar boʻylab uyushtirilgan sayohatlar, turli madaniy tadbirlar, uchrashuvlar taassurotlarga boy boʻldi.
Ikki bosqichda oʻtkazilgan olimpiada natijalariga koʻra, fizika fanidan Oʻzbekiston jamoasi aʼzosi, Namangan davlat universiteti akademik-litseyi oʻquvchisi Umidjon Hafizov oltin medalni qoʻlga kiritdi. Qirgʻizistonlik Temur Tinichbekov, qozogʻistonlik Islam Amangeldi va yurtdoshlarimiz Otabek Hasanov hamda Abdurahmon Nosirov kumush medalga sazovor boʻldi. Ushbu fan boʻyicha yana olti nafar ishtirokchi bronza medali bilan taqdirlandi.
Astronomiya fani boʻyicha bahslarda Qirgʻiziston Respublikasi Bishkek shahridagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchisi Iriskeldi Anarbekov oltin medalni qoʻlga kiritdi. Qozogʻiston jamoasi aʼzosi Janibek Amankul kumush medal, oʻzbekistonlik Doʻstmamat Bozorqulov va qozogʻistonlik Yerjan Kenes bronza medalga sazovor boʻldi.
– Xalqaro olimpiadada gʻolib boʻlganimdan juda xursandman, – deydi Namangan davlat universiteti akademik-litseyi oʻquvchisi U.Hafizov. – Buning uchun, avvalo, ustozlarimdan minnatdorman. Tanlov davomida xorijiy davlatlardan kelgan tengdoshlarim bilan tanishib, oʻzaro fikr almashdik. Ularga yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar haqida gapirib berdim.
Olimpiadada yurtimiz vakillari jami 6 ta, qozogʻistonliklar 5 ta, qirgʻizistonliklar 3 ta va turkmanistonliklar 1 ta medalga sazovor boʻldi.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi xalqaro olimpiadani har ikki yilda anʼanaviy tarzda Samarqandda oʻtkazish rejalashtirilgan.