Italiyaning Teramo shahri mezbonlik qilgan gandbol boʻyicha U-18 yosh toifasidagi Jahon kubogi musobaqalari yakunlandi.
Xalqaro gandbol federatsiyasi taqvimiga kiruvchi, 47-marta oʻtkazilgan xalqaro “Interamnia” Jahon Kubogida mamlakatimiz gandbol terma jamoasi ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.
Jahonning 32 ta mamlakatidan 122 ta jamoa ishtirok etgan bahslarda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati oʻquvchilaridan iborat terma jamoa yurtimiz sharafini himoya qildi.
Ulugʻbek Ikromov shogirdlari 9 ta jamoa ishtirok etgan guruh bosqichida Daniya (30:9), Chexoslovakiya (30:18), Polsha (38:12), Vengriya (20:20), Fransiya (22:16), Germaniya (28:9), Italiya (22:15), Turkiya (34:15) kabi jamoalarga qarshi kurash olib bordi va ularning aksariyatini yirik hisoblarda magʻlub etishning uddasidan chiqishdi.
Shundan soʻng chorak finalga Chexoslovakiya, Daniya, Vengriya hamda vakillarimiz yetib kelishdi.
Gandbolchilarimiz yarim finalda vengriyaliklarni 28-18 hisobi bilan dogʻda qoldirib final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Hal qiluvchi bahsda vakillarimizga biroz omad yetishmadi. Chexoslovakiya terma jamoasiga qarshi kechgan oʻyinda 25-26 hisobi qayd etilib, yoshlarimiz kumush medal bilan taqdirlanishdi.
Maʼlumot uchun, oʻyinlar 5 ta yopiq va 9 ta ochiq maydonlarda oʻtkazildi.