Milliy olimpiya qoʻmitasi sharq yakkakurashlari boʻyicha katta festivalga asos soldi

0
262
marta koʻrilgan.

19 iyun kuni poytaxtimizdagi «Zarafshon» kinokonsert saroyida jang sanʼati va sharq yakkakurashlari boʻyicha katta sport festivali tashkil etildi. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu sport bayramida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 25 ta sport yakkakurash federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari ishtirok etishdi.

Festivalda sharq yakkakurashlari hisoblangan karate va taekvondoning turli yoʻnalishlari, shuningdek, boks, dzyudo, sambo, ushu, penchak-silat, muaytay, kikboksing, oʻzbek jang sanʼati, qoʻl jangi, turon kabi sport turlari vakillari oʻzlarining koʻrgazmali chiqishlari bilan yigʻilganlarni hushnud etishdi.

Ushbu ajoyib harakatlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi va davomiy olqishlarga sazovor boʻldi. Qolaversa, festivalga tashrif buyurganlar taniqli murabbiy va sportchilar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ham ega boʻldilar. Tadbirda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Sharq yakkakurashlari federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportimiz yulduzlari va muxlislar ishtirok etishdi. Taniqli xonanda va estrada yulduzlarining ishtiroki esa sport bayramiga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Mazkur festivalni oʻtkazishdan koʻzlangan eng asosiy maqsad – ayni paytda tarqoq holda faoliyat yuritayotgan federatsiya va assotsiatsiyalarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirishdir. Xabaringiz bor, Milliy olimpiya qoʻmitasi soʻnggi paytlarda noolimpiya sport turlaridagi yetakchi, iqtidorli sportchilarni Olimpiya oilasiga mansub sport turlariga, yaʼni, boks, dzyudo, karate, taekvondo WTF kabi turlariga yoʻnaltirish ishlarini amalga oshirmoqda.

Bu borada bugun tashkil etilgan festival muhim qadamlardan biri boʻldi. Ushbu tadbir ularni oʻzaro hamkorlikda, hamjihatlikda ishlashga oʻziga xos daʼvat boʻldi. Bundan buyon ana shunday festivallarni muntazam ravishda oʻtkazib borishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.