Yapon kurashida yapon qizini
Ippon usulida yutdi Diyora.
Olimp kitobiga goʻzal ismini
Oltin harf bilan bitdi Diyora.
Qaldirgʻoch-u, lochin kuchiga qarang!
Tan berdi olmon-u, yiqildi farang,
Kosovoga armon boʻldi soʻnggi jang,
Barchasidan bir-bir oʻtdi Diyora.
Oltin olib keldi hammadan oldin,
Yuz oltinga tengdir birinchi oltin!
Nihoyat his qildik gʻalaba totin,
Zafar qadahini tutdi Diyora.
Xushxabar shavqidan polvon elim mast,
Kurash bu – yutgay kim mashqdan erinmas,
Kimning misi chiqsa, tilla berilmas,
Oliy orzusiga yetdi Diyora.
Shohsupaga chiqdi koʻzda yosh bilan,
Bayroqni yuksaltgan magʻrur bosh bilan,
Shu totli lahzani zoʻr bardosh bilan
Ter toʻkib, oy-yillab kutdi Diyora.
Quvonib qutladi Millat Sardori:
«Balli, ey, xalqimning gʻururi, ori!
Sen bois baxtlidir oʻzbek diyori…»
Hammani baxtiyor etdi Diyora.
Diyorimning oltin qizi Diyora,
Toʻmarisning yoniq izi Diyora.
Yurtimning yuzini charogʻon etgan
Oʻzbegimning yorugʻ yuzi Diyora!