Italiyaning Neapol shahrida Butunjahon talabalari oʻrtasida oʻtkazilayotgan Universiada-2019 oʻyinlarida tayekvondo boʻyicha oʻtkazilgan bahslarda -63 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz Niyoz Poʻlatov universiadaning kumush medalini qoʻlga kiritdi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.
Dastlabki janglarda Xorvatiya, Italiya va Turkiya vakillarini magʻlubiyatga uchrata olgan sportchimiz yarim finalda xitoylik Vu Yichaodan ustun keldi.
Hal qiluvchi bahsda eronlik Soroush Ahmedga qarshi dayanga chiqqan yurtdoshimizga biroz omad yetishmadi. Final jangining asosiy vaqtida 10:10 hisobi qayd etilgan boʻlsa, qoʻshib berilgan vaqtda 2:0 hisobida eronlik tayekvondochi ustunlik qildi.
Shunday qilib, Oʻzbekiston delegatsiyasiga yozgi Universiadagi beshinchi medalni tayekvondochimiz Niyoz Poʻlatov taqdim etdi.
Eslatib oʻtamiz, bundan avvalgi toʻrtta bronza medalini dzyudochilarimiz qoʻlga kiritishgan edi.