Italiyaning Neapol shahrida davom etayotgan yozgi universiada oʻyinlarining dzyudo bahslarida -73 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz Hikmatillo Toʻrayev delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi bronza medalini qoʻshib qoʻydi, deya xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.
Oʻz ishtirokini toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi davradan boshlagan Toʻrayev dastlab latviyalik Abulfazs Nasirovni va Shimoliy Koreyalik Kim Chol Gvangni magʻlubiyatga uchratdi. Yarim final yoʻlida mezbon vakili Gismondo Andearadan ustun kelgan Toʻrayev final yoʻllanmasiga chiqish uchun bahsda rossiyalik Yevgeniy Prokorchukga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Uchinchi oʻrin uchun kechgan bahsda chernogoriyalik Marko Gusichni dastlabki daqiqadayoq ippon, yaʼni sogʻ gʻalaba hisobiga magʻlub etgan polvonimiz universiadaning bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning Universiadadagi dastlabki medalini yana bir dzyudochimiz Muhammadkarim Xurramov (+90 kg) qoʻlga kiritgan edi.