Italiyaning Neapol shahridagi Universiada-2019 oʻyinlarida delegatsiyamizga navbatdagi sovrinni tennischi yigitlarimiz taqdim etishdi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati. Erkaklar oʻrtasida juftlik bahslarining final oʻyinida koreyalik Seochan Hong va Sanhui Shinga qarshi bahs olib borgan yurtdoshlarimiz Humoyun Sultonov va Sanjar Fayziyev Universiadaning oltin medalini qoʻlga kiritishdi.
Keskin va murosasiz bahslarga boy oʻtgan final oʻyinining birinchi setida 7/6 hisobida vakillarimiz gʻalaba qozongan boʻlsa, ikkinchi setda 6/4 hisobida koreyaliklar ustunlik qilishdi. Tay-breyk (qoʻshimcha geym)da 10/5 hisobida zafar quchgan Shuhrat Qayumov shogirdlari Oʻzbekistonning Universiada oʻyinlari tarixidagi tennis boʻyicha ilk medalini qoʻlga kiritishdi.
Tennis boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzolari boʻlgan Sanjar Fayziyev Oʻzbekistoning uchinchi, Humoyun Sultonov beshinchi raketkachisi hisoblanadi. Jahon reytingida ular mos ravishda 310- va 380-oʻrinni egallab turishibdi.